Sport | 15:14 / 23.03.2016
3021
3 daqiqa o‘qiladi

Lukas Braunda aniqlangan doping yo‘talga qarshi dori tarkibida bo‘lgani aytildi

Professional boksning WBA yo‘nalishi bo‘yicha amaldagi jahon chempioni Lukas Braun uning qoni tarkibida aniqlangan preparat yo‘talga qarshi dorida bo‘lganini ma'lum qildi. Bu haqda «Olamsport» saytida xabar berilgan.

Lukas Braun bergan ma'lumotdan keyin Rossiya tibbiy qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Eduard Bezgulov unga izoh berdi. Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, doping bokschining organizmiga u aytib o‘tgan dori orqali tushishi mumkin emas.

«Bahonalar izlanayotganda odatda ikki xil vaj ko‘rsatiladi: yo yo‘tal dori, yoki go‘sht mahsuloti. Hozir suyuqlik haqidagi hikoya juda kulgili ko‘rinyapti. Birinchidan, Avstraliyada klenbuterolli dorilar sotilmaydi. Ikkinchidan, jang arafasida yoki jangdan keyingi qaydnomalarida yo‘taldan davolanish borasida gap-so‘z bo‘lmagan. Sportchi unda doping testgacha uch hafta davomida nimalar qabul qilganini ko‘rsatishi kerak. Qolaversa, doridagi dozalar bolalar uchun, ular jangdan so‘ng aniqlanmagan bo‘lardi», — deydi Eduard Bezgulov.

Bezgulovning so‘zlariga ko‘ra, bunga qadar velopoygachi Alberto Kontador go‘sht mahsuloti orqali doping qabul qilgan bo‘lib, sportchi bu borada oqlanishga yaqin bo‘lgan.

«Poygachining organizmiga doping go‘sht orqali tushishi mumkin edi. Lekin Kontadorni baribir diskvalifikatsiya qilishgan», — deb aytib o‘tdi Rossiya tibbiy qo‘mitasi raisining o‘rinbosari.

Bundan oldinroq, superog‘ir vazn toifasida chempionlik kamarini o‘zbekistonlik bokschi Ruslan Chagayevdan tortib olgan Lukas Braun doping iste'mol qilganlikda shubha qilinayotgani haqida xabar berilgandi.

Shundan keyin Lukas Braun nimalar bo‘layotganini tushunmayotganini, endi huquqshunos izlashini bildirib o‘tgandi.

«Bugun tarqalgan xabarlarni tushunmadim, lekin nazarimda endi huquqshunos izlashim kerak», – deb yozadi Braun o‘zining Twitter’dagi sahifasida.

Eslatib o‘tamiz, Ruslan Chagayev va Lukas Braun o‘rtasidagi chempionlik jangi 6 martga o‘tar kechasi, Grozniy shahrida o‘tkazilgandi. Unda o‘zbekistonlik bokschi raqibiga 10-raundda texnik nokaut bilan mag‘lub bo‘lgandi.