Jamiyat | 17:10 / 23.03.2016
2739
2 daqiqa o‘qiladi

Rieltorning xizmat haqi qonun yo‘li bilan belgilab qo‘yilganmi?

2011 yilda “Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni kuchga kirdi. Ushbu hujjat aynan noqonuniy maklerlar faoliyatiga chek qo‘yish maqsadida chiqarildi. Bu haqda “Bekajon” nashri yozmoqda.

Shunga qaramay, uy oldi-sotdisida makler (noqonuniy dallol)lar hali-hamon ishtirok etyapti. Jahon amaliyotining ko‘rsatishicha, ko‘chmas mulk bilan bog‘liq masalalarni litsenziya olgan rieltorlik tashkilotlari orqali hal etish nafaqat yanada samarali va foydali, ayni vaqtda xavfsiz usul hamdir.

Rieltor malaka sertifikatiga va litsenziyaga ega bo‘lgan, yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxsdir. Rieltor o‘zini tanishtirishi shart.

Bugungi kunda ko‘chmas mulkni sotmoqchi bo‘lgan buyurtmachiga rieltor uy necha pulga sotilsa, o‘sha qiymatning 2-3 foizini xizmat haqi sifatida oladi. Ba'zi rieltorlar ushbu xizmat haqining ichiga uy hujjatlarini yig‘ib berishni o‘z zimmasiga oladi. Rieltorning har qanday faoliyati, albatta, hujjatlashtiriladi, shartnomalar qonuniy ravishda imzolanadi.