Jamiyat | 15:31 / 23.03.2016
5001
2 daqiqa o‘qiladi

Shudgordagi tekin quyruq dahmazasi yoki O‘zbekistondagi “girya talvasasi”

Kunlardan bir kun o‘zbekistonlik internet foydalanuvchilari orasida haqiqiy “vahima” boshlandi. Nima emish, sovet davrida chiqarilgan “girya”lar bir necha yuz va hatto ming AQSh dollarigacha bo‘lgan narxda sotib olishga tayyor xaridorlar bor emish.

Buni qarangki, ana shu polvontoshlarga Chevrolet Captiva va iPhone smartfonlarini ham almashtirishga tayyorlar topildi. Ammo odamlarimiz orasida ham anoyilar yo‘q emas. Ijtimoiy tarmoqlarda girya xaridorlari aslida firibgarlar ekani haqidagi xabarlar, targ‘ibot materiallari (infografikalar) paydo bo‘ldi. Shunday infografikalarning eng ommalashgan birida, jumladan, shunday deyiladi:

“Firibgarlar internet orqali: “500 dollarga girya sotib olaman”, deb e'lon beradi. Qisqa vaqt ichida girya narxi bir necha barobar o‘sadi. Odamlar vasvasaga tushib, “tosh” qidirishga tushadi. Oxirida aynan firibgarlar qimmat narxda “toshlar”ni sotishga kirishadi va o‘yindan chiqib, mamlakatni tark etadi (yoki qochadi)”.

O‘zbekistonlik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida tarqalgan “girya talvasasi”ga qarshi targ‘ibot materiallarida firibgarlar bungacha sovet tangalari, o‘sha davrda ishlab chiqarilgan “ZiL” muzlatgichlari, “Zinger” tikuv mashinalari bilan ham shunday vasvasa uyg‘otishga harakat qilgani haqida yozilgan. Xabarlarga ko‘ra, Qozog‘istondagi shunday vasvasa vaqtida bitta polvontosh uchun kvartira berishga tayyorlar ham topilgan.

Nima bo‘lgan taqdirda ham qadimgilar aytib ketgan bir gapni unutmaslik kerak: “Bir balosi bo‘lmasa shudgorda quyruq na qilur?”.