Jamiyat | 11:51 / 11.04.2016
9605
3 daqiqa o‘qiladi

Ozodbek Nazarbekov: Ayrilmoqlik bu zamonda bo‘ldi oson

10 aprel kuni O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovning konsert kunlariga start berildi. Sayt muxbiri konsertga borib, jarayon bilan tanishdi.

Zal doimgidek tomoshabinlar bilan to‘lgan. Kontsert soat 19:14da boshlandi. Boshlovchilik vazifasini xonandaning o‘zi zimmasiga oldi. Kontsert davomida 22ta turli mavzudagi qo‘shiqlar jonli ijroda yangradi. Ularning orasida tomoshabinlar so‘roviga binoan kiritilgan eski qo‘shiqlar ham bor edi.

"Ketsa ketar", "Chiroyligim", "Kel, ey dilbar", "Atirgulim", "Sadarayhon", "Seni topdim", "Seving", "Samarqandcha kuylagim keldi" kabi qo‘shiqlar muxlislar tomonidan iliq kutib olindi.

Uchta qo‘shiqqa alohida to‘xtalib o‘tishni joiz deb topdik, bular - "Alo, Ona", "Qaroko‘z" va albatta "Jigi-jigi". Buni muxlislarning davomli oliqishlaridan sezib olish qiyin emasdi.

"Alo, Ona" qo‘shig‘i chet ellarga pul topish maqsadida ketgan yoshlar mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lib, Ozodbek Nazarbekov bunga surxondaryolik muxlisi sabab bo‘lganini aytib o‘tdi. Qo‘shiq so‘zlari juda ta'sirchan, muallif Botir Ergashev uning muvaffaqiyat qozonishiga umid bildirdi.

Yana bir diqqatga sazovor tarona shoir Nodir Azimov so‘zi va bastakor Dilmurod Matkarimov hamkorligi natijasida yaratilgan "Qaroko‘zim" qo‘shig‘idir. Bu qo‘shiq boshlanishidan ilgari qisqa sahna ko‘rinishi namoyish etildi: unda hozirgi yoshlarning oila masalasiga jiddiy yondashmasliklari natijasida o‘rtada sarson bo‘layotgan farzandlar, ya'ni qaroko‘zlar masalasi ko‘tarilgan.

"Ayrilmoqlik bu zamonda bo‘ldi oson...kimga azob, bo‘ldi armon qaroko‘zga" kabi misralar tinglovchilarni befarq qoldirmadi, qo‘shiq gulduros qarsaklar bilan kutib olindi.

Shuni ta'kidlab o‘tish kerakki, o‘tgan safargi konsertida Bobur ijodiga murojaat qilgan san'atkor, bu gal Lutfiy g‘azallarini kuyga soldi. Ulardan biri "Jigi-jigi" qo‘shig‘i bo‘lib, Ozodbek Nazarbekov tanqidiy fikrlarga javob tariqasida unga izoh berib o‘tdi.

U qo‘shiqdagi "jigi-jigi" so‘zi qadimda sevimli yorni erkalab chaqiruvchi so‘z bo‘lganini  ta'kidladi.

Xonanda konsertda marhum ustozi Muhriddin Xoliqovning "O‘shal senmu, Nargiz" qo‘shig‘ini ijro etdi.

Kontsertda so‘z ustasi Avaz Oxun qatnashib, tomoshabinlar kayfiyatini ko‘tardi. Kontsertda duet taronalar yangramadi.

Sahna ortida xonandani Nargiz Toshmatova boshchiligidagi "Zinnura" fan-klubi a'zolari va o‘g‘li Ja'far qo‘llab-quvvatlab turdi.