“O‘zko‘rgazmasavdo” markazida “BankEXPO – 2016” milliy ko‘rgazmasi boshlandi
“O‘zko‘rgazmasavdo” markazida bank texnologiyalari, asbob-uskunalari va xizmatlari “BankEXPO – 2016” milliy ko‘rgazmasi boshlandi. Bu haqda “O‘zA” xabar beradi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjyet va iqtisodiy islohotlar hamda Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitalari, O‘zbekiston Banklar assotsiatsiyasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati ko‘magida tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisining o‘rinbosari A.Haydarov, Banklar assotsiatsiyasi raisi S.Abdullayev bugungi kunda mamlakatimizda 26 bank va ularning 800 dan ortiq filial va bo‘limlari samarali faoliyat ko‘rsatayotganini ta'kidladi.
«BankExpo – 2016» ko‘rgazmasida bank-moliya sektoridagi yangi texnologiya va xizmatlarni namoyish etayotgan tijorat banklari, yetakchi sug‘urta, lizing va investitsiya kompaniyalari, moliya muassasalari uchun IT mahsulotlar ishlab chiqish bilan shug‘ullanadigan kompaniyalar ishtirok etayotir.
Ko‘rgazma yakunida tijorat banklarining kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari, yosh tadbirkorlar loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovlar g‘oliblari e'lon qilinadi. Ularga imtiyozli kredit olish uchun sertifikatlar topshiriladi.