Mingyillikning oltinchi masalasiga yechim topgani aytilgan o‘zbekistonlik matematikdan kichik intervyu olindi
Qarshi davlat universiteti matematika kafedrasi professor-o‘qituvchisi Shokir Davlatov mingyillikning oltinchi masalasiga u topgan yechim xalqaro miqyosda tan olinmagunicha, bu haqda hech qanday ma'lumot bermoqchi emas. Olimning o‘zi bu haqda Uz24 nashriga bergan intervyusida aytib o‘tgan.
«Bu haqdagi xabar matbuotda ovoza bo‘lib ketishini xohlamagan edim. Hozirda ilmiy ishimni o‘rganish va aniqlashtirish ishlari olib borilmoqda. Kashfiyotni xalqaro ilmiy hamjamiyat tan olganidan so‘ng, mazkur yechim borasida to‘liq ma'lumot bera olaman», — dedi Shokir Davlatov.
Avvalroq Qarshi davlat universiteti o‘qituvchisi Shokir Davlatov mingyillikning oltinchi masalasi yechimini topgani haqida xabar qilingan edi.
U mingyillikning oltinchi masalasi yechimi preprintini «arXiv.org» saytida e'lon qilgan edi. Xabar berishlaricha, unda Nave-Stoks masalasining yagona ravon yechimi mavjudligi isbotlangan.
Ilmiy ish rus tilida yozilgan, annotatsiyasining ingliz tilidagi talqini mavjud.