O‘zbekiston | 17:18 / 14.04.2016
3122
2 daqiqa o‘qiladi

Turkmaniston prezidenti O‘zbekiston elchisini qabul qildi

O‘zbekiston respublikasining favqulodda va muxtor elchisi Javhar Izamov o‘zining Turkmanistondagi diplomatik faoliyatini yakunlamoqda. Shu munosabat bilan, Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Javhar Izamovni qabul qildi, deb xabar qilmoqda UzDaily.uz.

Muloqot chog‘ida, elchi Turkman davlat rahbariga turkman-o‘zbek munosabatlarini rivojlantirishda ko‘mak berganligi uchun minnatdorchilik izhor qilib, faoliyati davomida uning doimiy qo‘llab-quvvatlashini his etib turganini bildirgan.

Javhar Izamovning qayd etishicha, O‘zbekistonda, Ashxobodning mintaqa hamda global miqyosda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan xalqaro tashabbuslariga yuqori baho berishadi.

Turkmaniston davlat rahbari Gurbanguli Berdimuhamedov o‘z navbatida, Turkmaniston yonqo‘shnilari, xususan O‘zbekiston bilan do‘stona munosabatlarini mustahkamlashga jiddiy e'tibor berayotganini qayd etib, mamlakatlarni nafaqat bir mintaqada joylashuv, balki tarixiy ildizlarining birligi, tili va madaniyatlarining o‘xshashligi, ikki og‘a-ini xalqlarning urf-odatlari ham birlashtirib turganini eslatib o‘tdi.

Gurbanguli Berdimuhamedov, turkman-o‘zbek muloqotining tenghuquqli va o‘zaro manfaatlar asosida rivojlanishiga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun Javxar Izamovga minnatdorlik izhor qildi.

Uchrashuv chog‘ida, ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishning kelgusi istiqbollari xususida fikr almashilgan. Bunda, savdo-iqtisodiy, yoqilg‘i-energetika, transport va kommunikatsiya, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalariga e'tibor qaratildi. Shu bilan birga, gumanitar sohada, madaniyat, fan va ta'lim yo‘nalishlarida hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilingan.

Davlat rahbari va o‘zbek diplomati, ikki qo‘shni davlat, ularning birodar xalqlari manfaatlariga birdek javob beruvchi o‘zaro samarali hamkorlik yanada rivojlanishiga ishonch bildirdilar.