O‘zbekiston | 16:38 / 15.04.2016
2702
2 daqiqa o‘qiladi

YUNISEF bolalar muhofazasi uchun yangi dastur bo‘yicha O‘zbekistonga 33 mln dollar ajratadi

BMT Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati 2016—2020 yillarga mo‘ljallangan yangi hamkorlik dasturining faoliyat rejasi (HDFR)ni imzoladi. Imzolash marosimi 15 aprel kuni Tashqi ishlar vazirligi Marosimlar uyida bo‘lib o‘tdi. Bu haqda YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati xabar bergan.

HDFR mamlakatdagi bolalar va onalar farovonligini oshirish hamda Barqaror Taraqqiyot Maqsadlariga, xususan, bola salomatligi, ta'lim va bolalar himoyasiga qaratilgan maqsadlarga erishishda ko‘maklashishdan iborat. HDFRni O‘zbekiston Hukumati nomidan Bosh vazir o‘rinbosari Adham Ikromov imzoladi. Marosimda Sog‘liqni saqlash vaziri Anvar Alimov va Xalq ta'limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov ishtirok etdi.

Mazkur hujjat YUNISEF hamda bir qator vazirliklar, boshqa davlat va nodavlat tashkilotlari o‘rtasidagi intensiv maslahatlashuvlar jarayonida tayyorlandi. HDFR O‘zbekistonda bolalar farovonligi bilan bog‘liq bo‘lgan siyosat va strategiyalarga hamohang bo‘lib, BMTning O‘zbekistonda taraqqiyotga ko‘mak dasturi va 1994 yilda O‘zbekiston tomonidan ratifikasiya qilingan Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga muvofiq ravishda ishlab chiqilgan.

YUNISEF O‘zbekistonda yangi HDFRni amalga oshirish uchun keyingi besh yil mobaynida 33 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ni investitsiya qilish majburiyatini olgan.