Jamiyat | 09:53 / 16.04.2016
2550
2 daqiqa o‘qiladi

Buxorolik odamfurush “hamkasaba”lar qo‘lga olindi

Buxoro shahrilik Zulfizar Ravshanova (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) muqaddam bir necha marta sudlanib, tegishli jazosini olgan bo‘lsa-da, bundan to‘g‘ri xulosa chiqarmadi. Z.Ravshanova 2012 yil may oyida Buxoro shahridagi “Sapfir” restoranida Alesya Antonova bilan tanishadi.

Alesyaning ishonchiga kirgan Zulfizar unga o‘z hisobidan 2012 yilning may oyida “Toshkent-Bangkok” aviareysiga chipta olib beradi. O‘zi ushbu oyning o‘rtalarida Tailandga borib, Bangkok aeroportida A.Antonovani kutib oladi. So‘ng Pattaya shahridagi ikki xonali ijaraga olgan uyiga olib borib joylashtiradi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.

2013 yilning fevral oyiga qadar undan shahvoniy maqsadlarda foydalanib, odam savdosi jinoyatini sodir etadi. Z.Ravshanova o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, jinoiy sherigi Bog‘dagul Karomatova bilan til biriktirib, buxorolik Latofat Qobilovaning ishonchiga kiradi. Unga ham 2012 yilning oktabr oyida “Toshkent-Bangkok” aviareysiga chipta olib berib, Latofatni kuzatib qo‘yadi. Bangkokda Latofatni Bahdogul kutib olib, uni ham Pattaya shahridagi ijara uyga joylashtiradi. 2013 yilning yanvarigacha uni mehmonxonalarda fohishalik qilishga majburlab, ushbu ayol ortidan noqonuniy daromad orttiradi. “Hamkasaba”lar Samira Sobitova, Husniyabonu Pardajonova va boshqalarni ham yana o‘sha manzilga yetkazib, odam savdosi jinoyatini sodir etadilar.

Ular sud tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalariga binoan jazoga tortildi.