Fan-texnika | 16:45 / 20.04.2016
3332
2 daqiqa o‘qiladi

Durov Telegram'dagi xabarlarning saralanishi haqidagi ma'lumotni inkor qildi

Telegram asoschisi Pavel Durov yaqinda xabarlarni saralash xizmati haqida tarqalgan ma'lumotni "g‘alati mish-mish" deb atagan. Bu haqida u o‘z Twitter sahifasida yozgan.

20 aprel kuni "Izvestiya" gazetasi tarmoq xizmatidagi rejalashtirilayotgan o‘zgarishlar haqidagi ma'lumotlarni chop etdi. Nashr manbalarining xabar berishicha, Telegram'ning tayyorlanayotgan yangilanishida xabarlar turiga ko‘ra guruhlarga bo‘linadi: Chats (foydalanuvchilar bilan birga-bir), Groups (multichatlar), Channels (kanallar) va Bots (botlar).

Messenjerning yuqori paneliga biridan boshqasiga o‘tuvchi ilovalar kiritiladi. Bundan tashqari gazetaning yozishicha, ularning har bir turi uchun alohida xabarlarni sozlash imkoniyati paydo bo‘ladi. Masalan, Telegram foydalanuvchiga faqat shaxsiy xabarlarni qabul qilganlik haqida ma'lumot beradi.

12 aprel kuni Telegram chat-botlar platformasini yangilagan. Endi virtual yordamchilarga nafaqat maxsus dialoglarda, balki boshqa foydalanuvchilar bilan suhbat chog‘ida ham murojaat qilish mumkin. Yangi funksiya imkoniyatlarini namoyish etish uchun to‘rtta bot yaratilgan. @youtube boti video qidiradi, @music — klassik musiqa, @sticker bir xil emodzilarning har xil stiker to‘plamlarida tasvirlanganini topadi, @foursquare geolokatsiya ma'lumotlarini chatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri jo‘natish imkoniyatlarini beradi.