Jamiyat | 09:29 / 22.04.2016
2914
3 daqiqa o‘qiladi

Artur Taymazov RF Davlat dumasi deputatiga aylanishi mumkin

Erkin kurash tarixidagi eng sovrindor sportchilardan biri Artur Taymazov «Yedinaya Rossiya» partiyasi nomidan Rossiya Davlat dumasi deputatlarni saralash bo‘yicha dastlabki ovoz berishlar uchun nomzod sifatida hujjat topshirdi.

«Men hozir jamiyatdagi jarayonlarga befarq qarab tura olmayman va mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etishni istayman. Dastlabki saylovlarda ishtirok etish – bu mening ongli ravishda qabul qilgan qarorim, men o‘z xalqimga shu orqali foyda keltirishni istayman», – deya Taymazovning so‘zlarini keltiradi partiyaning Shimoliya Osetiyadagi bo‘limi sayti.

Dastlabki ovoz berishlar 22 may kuniga belgilangan. 2 apreldan nomzodlar ishtirokida debatlar boshlanadi. Oxirgi debatlar 15 may kuni bo‘lib o‘tadi.

O‘tgan yilning oktabrida O‘zbekiston nomidan ishtirok etib erkin kurash bo‘yicha 3 marta olimpiada chempioni bo‘lgan Artur Taymazov Rio-de-Janeyro olimpiadasida ishtirok etmasligini bildirdi. U sportchilik faoliyatini yakunlash haqida Sankt-Peterburgda o‘tkazilgan VII «Sport. Chelovek. Zdorove» nomidagi xalqaro ilmiy kongressi vaqtida ma'lum qilgandi.

Taymazov Rossiyaning P. F. Lesgaft nomidagi universiteti aspiranturasiga o‘qishga kirgani, professor Boris Tarakanov rahbarligi ostida oliy sinfdagi kurashchilarning individual tayyorgarligiga bag‘ishlangan dissertatsiya yozishni rejalashtirayotgani haqida aytgandi.

«Ko‘zimda o‘tkazilgan jiddiy operatsiya tufayli juda ko‘p vaqtni yo‘qotdim. Shifokorlar mashq qilishni taqiqlab qo‘ydi. Qolgan vaqt ichida Olimpiadada munosib ravishda qatnashish uchun tayyorgarlik ko‘rishga ulgurmayman. Sayyoh sifatida borishdan esa ma'ni yo‘q. Sportdagi kareramni tugatib, ilm-fandagisini boshlashga qaror qildim», — degandi Taymazov.

Asli osetiyalik, O‘zbekiston nomidan kurashgan Artur Taymazov mamlakat tarixidagi oltita Olimpiada oltin medallarining uchtasini olib kelgan (2004, 2008, 2012). U 2000 yilgi Olimpiya o‘yinlarida kumush medal olgan, ikki marta jahon chempioni, 2 marta Osiyo chempioni, 3 marta Osiyo o‘yinlari chempioni bo‘lgandi.

U O‘zbekiston oldidagi xizmatlari uchun 2012 yilda «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlangan.