Jahon | 17:35 / 23.04.2016
2030
2 daqiqa o‘qiladi

Kaspiy dengizida Rossiya tankeri yonishi tufayli 1 kishi halok bo‘ldi

23 aprel kuni Turkmaniston hududiy suvlarida, Astraxandan 800 kilometr uzoqlikda Rossiyaga qarashli tankerda yong‘in chiqdi. Bu haqda RF FVV Janubiy mintaqaviy markazi bayonotida aytilgan.

Yong‘in oqibatida ekipaj a'zosi hayotdan ko‘z yumgan. Kema baxtsiz hodisa yuz bergan vaqtda Kaspiy dengizi hududida bo‘lgan.

«Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, yonayotgan tanker ekipajining 11 nafar a'zosidan biri halok bo‘lgan», — degan agentlik suhbatdoshi.

Dastlab, Rossiya FVVning janubiy okrugi boshqarmasiga tanker bortida 18 kishi bo‘lgani haqida xabar kelib tushgandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qolgan dengizchilar, tanker yonidagi kema bortiga o‘tkazilgan. Manbaning qayd etishicha, tanker bortida neft mavjud emas.

Ozarbayjon FVV tarqatgan ma'lumotlarga muvofiq, PALFLOT 2 tankeri bortidagi yong‘in Moskva vaqti bilan 9:40lar atrofida yuz bergan. U bu vaqtda Turkmaniston hududiy suvlarida bo‘lgan.

PALFLOT 2 tankeri 1981 yili Bolgariyada suvga tushirilgan.