Jamiyat | 12:04 / 24.04.2016
3779
3 daqiqa o‘qiladi

Jim-m-m, qizim uxlayapti!

Kuni bo‘yi bir o‘zi uyda o‘ynab zerikkan ikki yoshli qizim ishdan kelishim bilan oyog‘imga osiladi. “Opane”, “opane” deydi. Bu “meni ko‘taring”, degani. Qanchalik xorg‘inlik sezmay, kun bo‘yi dadasini kutgan qizimni ko‘tarib, o‘ynatishdan charchamayman. Gohida o‘n ikkigacha ham o‘ynab chiqamiz. Oxiri qo‘limda ko‘zchalarini uyqu elitadi. Bu paytda esa o‘zim ham “nakdaun” bo‘lib, “ko‘zga gugurtcho‘p tirab”, arang uyqudan o‘zimni ushlab turgan bo‘laman.
Oshxonada idishlarning taraq-turuqi eshitiladi. Qizim ko‘zlarini ochadi. Onasining ehtiyotsizligidan jaxlim qaynaydi. Yaxshilab tanbeh bergim keladi...

Yana qizimni allalashga tushaman. Tezroq uxlasayu yostiqni quchoqlab, uyqu dengiziga cho‘kib ketsam...
Shu payt tashqarida mashinaning signalizatsiyasi chalinadi. Qizim yana bezovtalanadi. Men tishlarimni g‘ichirlatib, mashina egasini ichimda bo‘ralab so‘kkan bo‘laman. Borib, derazani zichlab yopaman. Shovqin tingach, qizim yana uyquga ketadi...

“Tiq” etgan tovush eshitilmasligiga tirishaman...

Nihoyat qizim bir maromda, jimitdek burinchalaridan nafas olib, uyquga ketadi...

Men buni shunchaki yozmadim. Shunchaki bekorchilikdan bitmadim...

Ana shunday kunlarning birida, uyqum o‘chgan kezlarda o‘ylab qoldim:

Bir paytlar suriyalik, iroqlik va boshqa jahannam o‘chog‘iga aylantirilgan mamlakatlardagi Otalarning ham shunday shirin tashvishi bo‘lgan. Ular ham ayolining turli arzimas shovqinlari farzandlari uyqusini o‘chirganda yoxud mashinaning ovozidan g‘azablangan...

Bugun-chi? Jajjilarining quloqlar shovqinlarga, beg‘ubor ko‘zlari qip-qizil qonga o‘rgandi...

Endi u otalar biz kabi shunchaki derazani yopish bilan tashqaridagi shovqin-suronni tindira olmaydi... Internetu televizorda ko‘rgan tasvirlar ko‘z oldimdan o‘ta boshlaydi:

Bolasining bombadan sochilib ketgan tanasini quchoqlab, faryod chekayotgan, hech narsa qo‘lidan kelmayotgan g‘arib Otalar...

Dengizga g‘arq bo‘lgan bolasini qutqarib qolishga holi kelmagan g‘amnok, g‘azabnok, alamzada Otalar...

Tinch joy izlab, ota-bobosi ming yillardan buyon yashab kelgan qadrdon yurtini tashlab, bolalarini yelkasiga ko‘tarib borayotgan jo‘mard Otalar...

Qorni ovqatga, ko‘zi uyquga, qalbi halovatga to‘ymagan jafokash Otalar...

* * *

-Dadasi, haligi...

-T-s-s-s, qizim uxlayapti!

Muslim Mirzajonov.

Manba: Muxlis.uz