Urushlar tufayli shaharlar, tarixiy obidalar vayron bo‘lmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov har biri chiqishlarida kishilik tarixidagi eng qonli, eng katta yo‘qotish va mislsiz qurbonlarga, el-yurtimiz o‘rtasida qancha-qancha musibat va ofatlar, g‘am-alamlarga, beva-bechoralar va yetimlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan beshafqat urush hech qachon qaytarilmasligi uchun bunday fojia va balolarning oldini olish, doimo ogoh va hushyor bo‘lish zarurligini ta'kidlab keladi.
Afsuski, bugungi kunda dunyoning turli hudud va mintaqalarida, olis va yaqin atrofimizda qarama-qarshilik va ziddiyatlar tobora kuchayib borayotganini ko‘rmoqdamiz. Ayrim joylarda qon to‘kilayotgani, nizo va adovatlar avj olayotgani, fashizm degan balo yana bosh ko‘tarayotgani, millatchilik, shovinizm kabi havfli ofatlar maydonga chiqayotgani, bir so‘z bilan aytganda, vaziyat tobora keskinlashib, xavf-xatarlar ortib borayotgani barchamizni tashvishga solmasdan qo‘ymaydi. Bugungi kunda har bir inson albatta bunday g‘oyat xavfli holatlarni, shular qatorida sobiq ittifoq hududlarida paydo bo‘layotgan qarama-qarshiliklarni ko‘rib, kecha yaqin do‘st bo‘lganlar ertaga o‘zaro dushmanga, o‘ta xatarli vaziyat yuzaga kelib qonli urushga aylanib ketmasligini istaydi.
Bugungi kunda insoniyat bir qator global muammolar – ekologik tahdidlar, odamzotning yashab qolishi, urushlar, qurolli to‘qnashuvlar bilan to‘qnash kelmoqda. Tahlilchilar urushlarni oldini olib, yer yuzida tinchlik o‘rnatish, ekologik muammolarnni bartaraf etish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri ekanligini ta'kidlashadi. Bu muammolarni bartaraf etish insoniyatning kelajak manfaatlariga xizmat qiladi. Agar bu muaamolar xal qilinmaydigan bo‘lsa, u xolda insoniyat kelajagi xavf ostida qoladi. Urushlar insoniyatining “tarixiy yo‘ldoshi” bo‘lib kelgani tan olinadi. Olimlarning fikricha, besh ming yillik tarix davomida yer yuzida 14 500ta urush bo‘lib o‘tgan. Bu urushlar oqibatida 3,5 milliard kishi halok bo‘lgan. Eng qisqa urush 1896 yilda Angliya va Zanzibar o‘rtasida yuz bergan. Bu urush 38 daqiqa davom etgan. Eng uzun urush esa Gollandiya va Silli o‘rtasida salkam to‘rt asr davom etgan.
Avvallari ibtidoiy davrda urushlar bo‘lmagani aytib kelinar edi. Endi ma'lum bo‘lishicha, o‘sha davrlarda xam ajdodlarimiz bir-birlariga qurol o‘qtalgan ekan.
Insoniyat tarixi shuni ko‘rsatib turibdiki, shu kunga qadar odamlar tabiiy ofatlar (zilzila, suv toshqinlari, qurg‘oqchilik, turli kasalliklar)ni bartaraf etish bilan shug‘ullanib kelgan bo‘lsa, endilikda insonlarning o‘zlari tabiat va jamiyat inqiroziga sabab bo‘lmoqda. Jamiyatdagi xar qanday o‘zgarish tabiatga ta'sir qilmasdan qolmayapti. Yadro quroli yaratilishi bilan insoniyat oldida urush va tinchlik muammosi dolzarb axamiyatga ega bo‘ldi. Jurnalistlardan biri A.Eynshteynga uchinchi jaxon urushi haqida savol bilan murojaat qilganida, u “uchinchi jahon urushida qanday qurollar bilan jang qilishlarini bilmayman-u, ammo to‘rtinchi jahon urushi tayoqlar bilan bo‘lishiga ishonaman” degan ekan. U bu so‘zlari bilan uchinchi jahon urushi yer yuzini ostin-ustun qilishiga sha'ma qilib o‘tganiga shubxa yo‘q. Bugungi kundagi qurollanish, davom etayotgan qirg‘in-barotlar buyuk olimning fikrlarini isbotlamoqda. Taxlilchilarning so‘zlariga qaraganda, bugungi kunda dunyo mamlakatlari ega bo‘lgan yadro qurollarining atigi besh foizi ishlatilgan taqdirda yer sharini o‘z o‘qidan chiqib ketishiga olib kelar ekan. Agar vaziyat shu darajada davom etadigan bo‘lsa, u xolda yer yuzidan nafaqat insonlar yo‘qolib ketadi, balki sayyoramizning o‘zi ham yo‘q bo‘lib ketishi turgan gap. O‘zi nimani talashayapmiz, degan savolni beradigan odam bormi?
Tahlilchilarning fikricha, XIX asrgacha urushlar mamlakatlarning iqtisodiyotiiga deyarli ta'sir qilmagan. Ammo XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asrdan boshlab urushlar nafaqat mamlakat iqtisodiyotiga, balki keng ommaning turmush tarzida aks eta boshladi. Endilikda harbiy harakatlarda bir-ikki davlat emas, balki ko‘plab mamlakatlar ishtirok etmoqda. Birinchi jahon urushida 70 milliondan ortiq kishi ishtirok etgan bo‘lsa, Ikkinchi jahon urushida 110 millionga yaqin kishi qatnashdi. Yevropa mamlakatlarida bo‘lib o‘tgan urushlar tahlil qilinar ekan, XVII asrda — 3,3 million kishi, XVIII asrda — 5,4 million kishi, XIX asr va XX asr boshlarida (Birinchi jahon urushiga qadar) — 5,7 million kishi, Birinchi Jahon urushi (1914 yilning 28 iyul – 1918 yilning 11 noyabri)da — 9 milliondan ortiq kishi, Ikkinchi Jahon urushi (1939 yilning 1 sentabr – 1945 yilning 2 sentabri)da esa 50 milliondan ortiq kishining halok bo‘lgani aytiladi. 1945 yildan 1990 yilgacha bo‘lgan davrning 2340 xaftasida atigi uch haftasida yer yuzida urush bo‘lmapti. XX asrning 90-yillarida yer yuzida 100 dan ortiq harbiy harakatlar qayd qilingan. 90 dan ortiq davlat ishtirok etgan bu urushlarda 9 millionga yaqin kishi halok bo‘ldi. Birgina 1990 yilda yer yuzida 31 ta qurolli to‘qnashuv qayd qilingan. Urushlar xukmdorlarning shuhratparastligi tufayli kelib chiqadi. O‘tgan asrning 90-yillaridan boshlab qurolli to‘qnashuvlarning yangi ko‘rinishi - millatlararo to‘qnashuvlar, rangli inqiloblar paydo bo‘ldi. Rangli inqiloblar yuz bergan mamlakatlardagi vaziyat tahlil qilinadigan bo‘lsa, odamlarning turmush tarzi yaxshilanish o‘rniga battar yomonlashgani, mamlakat turli bo‘laklarga bo‘lingan holda mahalliy klanlar tomonidan boshqarilayotganini, millatchilik, shovinizm avjiga chiqqanini ko‘ramiz. Xokimiyatni qo‘lga kiritgan muxolifat vakillari o‘rtasidagi kelishmovchiliklar ham mamlakat parokonda bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.
Qurollanish poygasini to‘xtatish, harbiy harajatlarni kamaytirish orqali mablag‘larni mamlakatlar iqtisodiyotining boshqa tarmoqlariga yo‘naltirish mumkin. Harbiy xarajatlar o‘ndan bir qismiga kamaytirilgan taqdirda xam rivojlanayotgan mamlakatlarning iqtisodiyotini yaxshilashga, bu mamlakatlar axolisining turmush sharoitini tubdan o‘zgartirishga omil bo‘lar ekan.
Urushlar tufayli shaxarlar, tarixiy obidalar vayron bo‘layotganidan aslo ko‘z yumib bo‘lmaydi. “Iroq va Shom Islom Davlati” (DAISh), keyinroq esa “Islom davlati” deb atalgan terror tashkiloti Mosulni o‘z poytaxti deb e'lon qilganidan keyin u yerdagi bebaxo madaniy meros jiddiy havf ostida qoldi. Jangarilar Mosuldagi markaziy kutubxonani portlatib yuborishi va o‘t qo‘yganlaridan so‘ng jahondagi eng qadimiy deb aytilayotgan kutubxona hovlisida kitob va qo‘lyozmalarni yoqib, gulxan yasashdi. Umumiy hisobda madaniyat, falsafa va tarixga oid 10 ming tom kitob yo‘q qilindi. Ular orasida yuzlab manuskriptlar bor edi. Janggarilar Mosul muzeyidagi durdonalar – minglab yillar davomida ko‘zni quvontirib turgan bebaho san'at asarlarini bir necha daqiqa ichida yer bilan yakson qildi. Terrorchilar buldozerlar yordamida Yunus payg‘ambarning qabri va masjidini ham buzib tashlashdi. Shu o‘rinda bundan 14 yil avval Afg‘onistonning Bomiyon viloyatida Toliblar tomonidan qadimiy ulkan Budda haykallarining vayron etilganini xam eslatib o‘tish kerak. Tog‘ bag‘riga eramizning 3-7 asrlarida o‘yib ishlangan haykallar portlovchi moddalar yordamida portlatilgandi.
Malidagi vaziyat ham kishini tashvishlantiradi. Janggarilar Timbuktu shahridagi noyob arxivga o‘t qo‘ydi. Bu yerdagi qadimiy omborxona va yangi Tadqiqot Markazida jaxon merosi sanalmish – ya'ni 12- 13 asrlarda yaratilgan biologiya, astronomiya, tarix, matematika, musiqa va boshqa fanlarga oid yuz mingdan ortiq qo‘lyozmalar, manuskriptlar saqlanardi. Terrorchilar shaxarning madaniy qadriyatlarini, jumladan qadimiy Jinguyereber masjidi va so‘fiylarning qadamjolari xamda maqbaralarini taxqirlashdi, buzib tashlashdi. Terrorchilarning ko‘r-ko‘rona xatti-xarakatlari oqibatida insoniyat o‘zining tarixiy va ma'naviy boyligidan maxrum bo‘lmoqda. Musulmon mamlakatlarida istiqomat qiluvchi aholi terrorchilarning bu ishlari muqaddas islom diniga mos kelmasligini anglab yetgan. Biroq, nomusulmon xalqlar esa, bu kabi ishlarni ko‘rib, “islom dini buzish, vayronagarchilik keltirish, begunoh odamlarni o‘ldirish ekan-da”, degan fikrga kelishii aniq. Tarixiy obidalarni yo‘q qilish xalqning o‘tmishidan judo qilishni anglatadi. Madaniyat o‘zini yangilay olmaydi. Yo‘q qilinsa, qayta tiklanmaydi. Iroq, Suriya, Afg‘oniston, Malidagi qadimiy san'at asarlari endi yo‘q va hech qachon qaytmaydi. Bu jinoyatni siyosiy va diniy jixatdan ham aslo oqlab bo‘lmaydi. Begunoh odamlarning qonini to‘kayotgan va shu tariqa muqaddas dinimizga dog‘ tushirayotgan “Ash-Shabab”, “Boko xaram” kabi terror tashkilotlarining kirdikorlariga xam aslo ko‘z yumib bo‘lmaydi.
Agar xalqaro jarayonlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, insoniyat oldida paydo bo‘layotgan muammo va ziddiyatlar dunyoda hamjihatlikning yo‘qligi, bir-birini eshitmaslik, o‘z kuchiga ortiqcha baho berish,o‘zgalarga bepisand qarash natijasida yuzaga kelayotganiga guvox bo‘lish mumkin. Ayniqsa, davlatlararo munosabatlarda o‘zaro ishonchning susayishi va ishonchsizlik kayfiyatining o‘sib borayotgani global muammolarni tinch yo‘l bilan, muzokaralar vositasida hal etishga sezilarli ta'sir ko‘rsatmoqda. Mamlakatimiz prezidenti Islom Karimov Shanxay shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning IV sammitidagi ma'ruzasida xalqaro munosabatlardagi ishonch masalasiga alohida to‘xtalib, qarama-qarshi tomonlarni murosaga keltirish uchun, avvalambor, ular o‘rtasida yuzaga kelgan muammoni hal etishga qaratilgan o‘zaro xayrixohlikka erishish zarurligini, aks holda ular o‘rtasidagi barcha muzokaralar bir-biriga e'tiroz bildirishdan nariga o‘tmay qolishi va bu holat cheksiz davom etaverishi mumkinligini ta'kidlagan edi.
Urushlar jamiyatda ijtimoiy bosh-boshdoqliklarni keltirib chiqaradi. Urushga qarshi eng samarali kurash bu urushlardan voz kechishdir.
Yana bir necha kundan keyin Ikkinchi jaxon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 71 yilligi keng nishonlanadi. Agar urushdan oldin mamlakatimizda 6,5 millionga yaqin aholi yashagan bo‘lsa, shundan 1,5 milliondan ko‘prog‘i janglarda qatnashgan. O‘sha yovuz urushda 500 mingga yaqin yurtdoshlarimiz halok bo‘lgan, qancha odam bedarak ketgan, qancha-qancha insonlar mayib-majruh bo‘lib qaytgan. Bu raqamlar xalqimizning fashizm ustidan g‘alaba qozonishga qanday ulkan, hech unutilmas hissa qo‘shganini ko‘rsatadi va buni birortamiz ham esimizdan chiqarmasligimiz darkor.
Sharofidin To‘laganov
Mavzuga oid
10:39 / 16.06.2024
100 yil oldin O‘zbekistonda Qurbon hayiti qanday nishonlangan? Arxiv suratlar
22:50 / 04.06.2024
Dunyoda qurolli to‘qnashuvlar soni rekord darajaga yetdi
09:00 / 24.05.2024
6 yilda 54 ta tarixiy film - o‘zbek kinoijodkorlari bunga tayyormi?
15:46 / 17.02.2024