Iqtisodiyot | 21:08 / 18.05.2016
11205
5 daqiqa o‘qiladi

Italiyaning neft-gaz va energetika sohasi vakillarini O‘zbekiston bozori qiziqtirmoqda

“O‘zekspomarkaz”da “O‘zbekiston neft va gazi – OGU-2016” yigirmanchi xalqaro ko‘rgazmasi ochildi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.

Mazkur nufuzli forum “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, “ITE Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi va “ITE” kompaniyalar guruhi hamkorligida tashkil etildi.

Yigirmanchi bor o‘tkazilayotgan mazkur xalqaro forumda O‘zbekiston, Xitoy, AQSh, Janubiy Koreya, Singapur, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Chexiya, Norvegiya, Avstriya, Shveytsariya, Rossiya, Bolgariya, Polsha, Ruminiya, Turkiya, Qozog‘iston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Eron, Umon, Indoneziya, Malta kabi  davlatlardan 200 dan ortiq kompaniya o‘z mahsulotlari va xizmatlari bilan ishtirok etmoqda.

– Kompaniyamiz neft-gaz va energetika sohalari uchun turbogeneratorlar ishlab chiqarish va o‘rnatishga ixtisoslashgan, – deydi Italiyaning “Turboden” kompaniyasi direktori Paolo Bertuzzi. – Mahsulotlarimizdan foydalanish energetika samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Yuksak sur'atlar bilan rivojlanayotgan O‘zbekiston bozori biz uchun g‘oyat qiziqarli. Qator xalqaro moliya muassasalari O‘zbekistonning neft-gaz va energetika sohalariga sarmoya kiritib, hamkorlikda istiqbolli loyihalarni amalga oshirayotgani mamlakatingiz bu yo‘nalishda katta salohiyatga ega ekanidan dalolat beradi.

“OGU-2016” ko‘rgazmasi mutaxassislarga neft va gaz qazib olish, uglevodorodlarni tashish, qayta ishlash borasida milliy va xorijiy kompaniyalar erishgan eng so‘nggi yutuqlar bilan yaqindan tanishish hamda istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ko‘rgazma pavilonlaridan neft va gaz qazib olish, qayta ishlashni jadallashtirish imkonini beradigan zamonaviy texnologiyalar joy olgan. Jahonning yetakchi neft-gaz kompaniyalari neft va gazni tashish texnologiyalari, neft-gaz konlarini qidirish va o‘zlashtirish, geodinamika, geofizika hamda uglevodorod salohiyatiga oid ishlanmalar bo‘yicha o‘zlari erishgan eng so‘nggi yutuqlarni namoyish etmoqda.

Xalqaro ko‘rgazmada neft va gaz qazib olish (texnologiyalar va uskunalar), neft va gaz quduqlari: qurish va foydalanish, neft va gazni qayta ishlash, saqlash va tashish, neft kimyosi, neft mahsulotlari ishlab chiqarish, neft va gaz sanoati inshootlarini loyihalashtirish va barpo etish, geologiya, geofizika, seysmik uskunalar va xizmatlar, quvurlar, gaz turbinalari, ixtisoslashtirilgan materiallar va uskunalar, nazorat-o‘lchov asboblari, texnika xavfsizligi hamda yong‘indan himoya, ekologik xavfsizlik, muqobil energetika, sanoat avtomatizatsiyasi, xizmatlar, aloqa va telekommunikatsiyalar kabi bo‘limlar ishlab turibdi.

“OGU-2016” ko‘rgazmasi doirasida “Uz-Prista Recycling” O‘zbekiston – Bolgariya qo‘shma korxonasining ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. “Angren” maxsus industrial zonasida barpo etilgan mazkur korxona  motor, tishli g‘ildirak va reduktorlar uchun moylar, gidravlika suyuqliklari va bitum ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Zavod yiliga 43 ming tonna ishlatilgan texnik moyni qayta ishlash orqali 30 ming tonnagacha moy ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mahsulotning qariyb 40 foizi eksportga mo‘ljallanmoqda.

Neft-gaz forumi doirasida «O‘zbekiston neft-gaz tarmog‘i: texnologiyalar, investitsiyalar va taraqqiyot» mavzuida xalqaro konferensiya o‘tkaziladi. Unda mamlakatimiz neft-gaz sanoatining bugungi holati va  rivojlantirish istiqbollari, uglevodorod bazasini kengaytirish omillari, sohadagi yangi tendensiyalar, O‘zbekiston neft-gaz sohasining sarmoyaviy salohiyati, bu boradagi xalqaro hamkorlik, muqobil va qayta tiklanadigan energiya manbalari va energiya samaradorligini oshirish usullari kabi dolzarb masalalar muhokama etiladi.

Ko‘rgazmaning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining  o‘rinbosari G‘.Ibragimov, Bolgariya Respublikasi Bosh vaziri B.Borisov so‘zga chiqdi.