Andijon shahrida bolalar kunida qo‘g‘irchoq teatri ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni Andijonda qo‘shaloq bayram sifatida nishonlandi. Bugun shaharda bolalar uchun ajoyib tuhfa sifatida - Bolalar viloyat qo‘g‘irchoq teatri yangi binosining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Andijon shahri markazida bunyod etilgan muhtasham, barcha qulayliklarga ega teatr binosi 300 o‘rinli bo‘lib, kelgusida bu inshoot nafaqat teatr tomoshalari uchun, balki bolalar uchun tasviriy va amaliy san'at, raqs san'ati va kompyuter savodxonligini o‘rgatish maqsadida ham foydalanilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, ushbu madaniyat saroyida O‘zbekiston qo‘g‘irchoq teatrlarining an'anaviy respublika festivali o‘tkaziladi. Mazkur festivalda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar, Toshkent shahridan tashrif buyurgan qo‘g‘irchoq san'ati ustalarining eng sara spektakllarini namoyish etilishi ko‘zda tutilgan.
Ochilish marosimida so‘z olgan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vaziri Bahodir Ahmedov va Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov O‘zbekistonda yosh avlodni har tomonlama yetuk inson etib tarbiyalash yo‘lida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar to‘g‘risida gapirib, andijonliklarni yangi inshootni qurib bitirilganligi bilan tabriklashdi.
Tadbir mehmonlari O‘zbekiston xalq artistlari Erkin Komilov va Mirza Azizov ham ozod va obod yurtda qad ko‘targan yana bir madaniy markaz mamlakatda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikning mevasi ekanini ta'kidlashdi.
Andijonlik yosh san'atkorlar va turli viloyatlardan tashrif buyurgan qo‘g‘irchoq teatrlari vakillari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi namoyish etildi.
Shundan so‘ng teatr jamoasiga inshootning ramziy kaliti topshirilib, barcha mehmonlar teatrda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishishdi.
Tadbir ishtirokchilari va bolalarga festival doirasida Farg‘ona Davlat qo‘g‘irchoq teatri jamoasi tomonidan tayyorlangan “Samolarda uchgan alloma” spektakli namoyish etildi.
Suratlar va matn muallifi - Elmurod Ermatov