O‘zbekistondagi masjidlarda xatmi Qur'on boshlandi
Ramazonning birinchi tuni ya'ni 5 iyun oqshomida O‘zbekistondagi mingga yaqin jome masjidlarida xatmi Qur'on boshlandi.
Jumladan, bu kecha “Hazrati Imom” majmuasining yozgi namozgohida ham taroveh namozi o‘qildi. Masjid hovlisiga asta-sekin qo‘llari mehnatda qavargan, ko‘zlari Ramazon shukuhi ila chaqnagan, yuzlari nurli, yoshlari ulug‘ otaxonlar hamda taroveh namozida Allohning muborak kalomiga some bo‘lishni intiqlik bilan kutgan namozxonlar kirib kela boshladi. Bir zumda namozgoh Qur'on muxlislari bilan to‘lib toshdi.
Dastlab, muftiy hazratlari muborak Ramazon oyi bilan barchani tabriklab, duolar ijobat bo‘ladigan damlarni g‘animat bilish, yurtning tinch-osoyishtaligi xotirjam ibodat qilish garovi ekanini ta'kidlab, yaratgandan bu ne'matlarni yanada ziyoda qilishini so‘rab, duo qildi. So‘ngra taroveh namozi boshlanib, Kalomullohning tilovati qalblarga surur va farah baxsh etdi.
Taroveh namozi o‘qib bo‘lingach, namozxonlar muftiy hazrat bilan baralla duoga qo‘l ochib, Ramazoni sharifga yetkazgani uchun Alloh taologa hamdu sanolar aytishdi. Hamda yaratgandan yurt tinchligini, osmon musaffoligini, xalqning bundanda farovon bo‘lishini so‘rashdi.
Suratlar muallifi Shahzod Shomansurov