Toshkentdagi Hyatt mehmonxonasining rasmiy ochilish muddati ma'lum bo‘ldi
O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahridagi besh yulduzli Hyatt Regency mehmonxonasi bir haftadan so‘ng foydalanishga topshiriladi, deb xabar qilmoqda nuz.uz sayti mehmonxonadagi manbasiga tayangan holda.
Qurilishi 4 yil avval boshlangan mehmonxona, nihoyat foydalanishga topshiriladi. 300 o‘rinli inshootning rasmiy ochilishi 15 iyunga belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, 2012 yili Toshkent shahri ma'muriyati va Hyatt International operatori o‘rtasida erishilgan bitimga ko‘ra, Hyatt mehmonxonani loyihalashtirish, qurish va uni jihozlash mobaynida texnik maslahatlar ko‘rsatib, uni boshqarishda Hyatt Regency savdo belgisidan foydalanish huquqini taqdim etishi kerak edi.
Loyiha qiymati o‘sha paytda 113 mln dollarga baholangan hamda 2013 yil to‘rtinchi choragida qurib bitkazilishi lozim edi. Biroq, 3 yil davomida qurilish ishlari gohida to‘xtab, yana davom ettirilgan paytlar bo‘ldi.
O‘tgan yilning oktabr oyida O‘zbekiston hukumati qurilish ishlarini davom ettirish uchun yana 205 mln dollarga yaqin qo‘shimcha sarmoya kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Loyiha, O‘zbekiston rekonstruksiya va taraqqiyot jamg‘armasining 42 mln dollarlik kredit mablag‘lari, Xalq bankining 100 mlrd so‘mlik krediti va Toshkent shahri hokimligining o‘z mablag‘lari hisobiga amalga oshirilmoqda.