O‘yinchoqqa o‘xshaydigan plastik mashina yaratildi
Hech plastik va matodan yasalgan avtomobilingiz bo‘lishini istaganmisiz? Bunday mashina yaratish g‘oyasi g‘alatiroq tuyulishi mumkin. Biroq Tokio avtomobil kompaniyasining muhandislari qayd etishicha, mashinaning plastik qismlari mustahkamlikda po‘latdan qolishmaydi. Avtomobilni yaratish uchun Mitsui Chemicals kompaniyasining GFRTP va CFRTP termoplastiklaridan foydalanish rejalashtirilmoqda. Ular shisha tolali va uglerod tolali yuqori issiqlik barqarorligi bilan ta'minlangan poliamid hisoblanadi. Muayyan kuch bo‘yicha GFRTP va SFRTP po‘latdan 3 barobar, alyuminiy qotishmalardan esa 1,5 marta oshadi.
Hozirda mittigina ikki kishilik Rimono elektrokarining o‘lchamlari 2200x1000x1300 sm, og‘irligi esa 320 kilogrammni tashkil etadi. Mutaxassislarning fikricha, kulrang avtomobilning ramkasi, kapoti, old qanoti va eshiklari po‘latdan emas, prototipda ko‘rsatilganidek mustahkam termoplastikdan yasaladi. Og‘irlikni kamaytirish avtomobil bitta zaryad bilan bosib o‘ta olishi mumkin bo‘lgan masofani uzaytirishiga yordam beradi. Maksimal tezlik 45 km/soatga teng. Motor kuchi 5 kVtni tashkil etadi. Rimono elektromobili qisqa masofali sayohatlar uchun mos keluvchi ideal transport vositasi bo‘la oladi. Kuzov qismi ko‘pikli poliuretan va Teijin kompaniyasining suvga chidamli materialidan tayyorlangan. Mashina egasi o‘z ta'biga qarab mitti avtomobilni istalgan bo‘yog‘ida bo‘yashi mumkin.