O‘zbekiston | 15:51 / 20.06.2016
21178
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston hukumati uy-joy fondini xususiylashtirish tartibiga tuzatish kiritdi

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining qarori bilan davlat uy-joy fondini xususiylashtirish tartibiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Shu haqdagi hujjat matni lex.uz saytida e'lon qilingan. 

Hujjatda, O‘zbekiston Respublikasi davlat uy-joy fondini xususiylashtirishga oid yangi qoidalar, davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun buzilayotgan uy, xonadon yoki ularning bir qismi uchun berilayotgan davlat uy-joy fondidan berilayotgan ko‘chmas mulkka nisbatan joriy etilmasligi qayd etib qo‘yilgan. 

Bundan tashqari, joylardagi davlat organlari, korxona, idora va tashkilotlarga tegishli xususiylashtirilayotgan uy-joy fondini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibiga oydinlik kiritilgan. Fuqaro, xususiylashtirish qarori chiqqanidan 5 ish kuni mobaynida, Davlat raqobat qo‘mitasining hududiy organi (Toshkent shahrida – «Toshkent shahri uy-joylari haqida ma'lumotlar va davlat orderlari berish Markazi»)ga talab qilingan hujjatlar to‘plamini topshiradi. 

Mas'ul idora esa, ushbu hujjatlar asosida, 15 ish kuni ichida davlat orderini ro‘yxatdan o‘tkazib, uni ariza egasiga beradi.  

Order berish va uni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun eng kam oylik ish haqining 2 baravari miqdorida davlat boji undiriladi. Yo‘qotilgan yoki yaroqsiz holga kelgan order o‘rniga eng kam oylik ish haqining bir baravari evaziga nusxasi beriladi. 

Shu bilan birga, xususiylashtirilgan uy yoki xonadon sohibini, mazkur mol-mulkka egalik huquqidan mahrum etish yoxud yangi shaxsga qayta rasmiylashtirish uchun, mazkur ko‘chmas mulkni xususiylashtirishga rozilik bergan shaxslar haqida ma'lumotnoma ham taqdim etish lozim bo‘ladi. Uni mas'ul davlat organi eng kam oylik ish haqining yarim baravari miqdoridagi to‘lov evaziga taqdim etadi.