Sport | 10:44 / 06.07.2016
22125
4 daqiqa o‘qiladi

Portugaliya – Uels: Taxminlar bahsi (A.Abduraimov vs E.Ermatov)

Aslida futbol taxminlarni yoqtirmaydi. Millionlar o‘yinining bor jozibasi ham mana shunda bo‘lsa kerak. Chunki, ishqibozlarga o‘yin qanday hisob bilan yakunlanishi ma'lum bo‘lsa, stadion tomon oshiqmagan yoki televizor orqali beriladigan translyatsiyani orziqib kutmagan bo‘lar edi. Bizning quyidagi taxminlarimiz raqib jamoalarning ayni paytdagi tarkibi va boshqa omillardan kelib chiqib keltirilgan xulosa va farazlar xolos. 
Taniqli futbolchi va mutaxassis Azamat Abduraimov hamda sport jurnalisti Elmurod Ermatov Yevro – 2016 doirasidagi yarim final bahsi oldidan o‘z tahlillari bilan o‘rtoqlashishdi.

Portugaliya – Uels kim g‘olib bo‘ladi?
Azamat Abduraimov, futbol mutaxassisi, Osiyo o‘yinlari g‘olibi:
- Bu qarama-qarshilikda  favoritning o‘zi  yo‘q. Demak, imkoniyatlar - 50/50. Mutaxassislarning fikricha, Portugaliya ko‘rsatayotgan o‘yin chempionlik darajasida emas. Uelsga to‘htaladigan bo‘lsak, jamoa musobaqa davomida o‘ziga hos xarakter ko‘rsata oldi. Kris Koulman shogirdlari o‘yinning so‘ngi daqiqalarigacha g‘alaba uchun kurashishi e'tiborga molikdir.  Ularda o‘zgacha g‘oliblik ruhiyati mavjud. Jo Allen va Aaron Remzi singari iqtidorli futbolchilar  Yevro – 2016ga o‘zgacha fayz kiritishgani ham bor gap.  Beyl esa haqiqiy sardor.

Uelsning maydonda bor kuchini berib, shijoat bilan asosiysi, yorqin  o‘ynayotganiga barchamiz guvohmiz.  Menga ayniqsa, termaning Belgiya bilan bo‘lgan o‘yindan so‘ng o‘zlarini qo‘llab turgan muxlislarga bildirgan ehtiromi juda yoqdi. Ularning bu harakatini boshqa termalar ham namuna sifatida qabul qilsa yaxshi bo‘lar edi. Ishqibozlar va futbolchilarning bu darajadagi birligi tahsinga loyiq. Uels termasi maydonga kim uchun va ne maqsadda tushayotganini juda yaxshi biladi. Bu jihat esa g‘alaba uchun katta kuch beradi. Men mana shu jamoani finalda ko‘rsam ajablanmayman.

Elmurod Ermatov, sport jurnalisti:

- Har ikki termaning yarim finalgacha yetib kelgani bejiz emas. Uels favqulodda jangovar o‘yin ko‘rsatib natijaga erishayotgan bo‘lsa, portugallar ham himoya ham hujumda zamonaviy futbol namoyishi orqali kuchli to‘rttalikdan joy oldi. Santush jamoasining ochilib o‘ynaydigan payti ham yetib keldi, chog‘i. Jamoada bir qator mahoratli ijrochilarning borligi ularning yarim finaldagi imkoniyatlarini yanada oshiradi. Musobaqa avvalida Renatu Sansheshga hech kim katta e'tibor qaratmay kelayotgandi, biroq futbolchi yevropaning grand klubi bo‘lgan “Bavariya” bekorga uning uchun katta mablag‘ to‘lamaganini isbotladi. Terma o‘yindan-o‘yinga bor qirralarini ochib bormoqda. Himoyada tartibli o‘yin ko‘rsatib, qo‘qqis qarshi hujum taktikasini qo‘llash ikkita o‘yinda samarasini berdi. 

Ba'zida butun jamoa xuddi Krishtianu Ronaldu uchun o‘ynayotgandek tuyuladi. Darhaqiqat, Ronaldu maydonda katta hajmdagi ishni bajaradi. Uning tarkibda tushishining o‘zi ham raqiblarda xavotir uyg‘otishi aniq. Biroq, Nani, Pepe va Elizeular ham bor mahoratini namoyish qilmoqda.Santush shogirdlarining mazmunli va samarali o‘yin ko‘rsatayotganini hisobga olib ularni finalda to‘p surishga haqliroq deb bilaman.        

Elmurod ERMATOV tayyorladi.
 

Mavzuga oid