Jamiyat | 18:54 / 12.07.2016
6205
2 daqiqa o‘qiladi

Alkogol mahsulotlarini tayyorlab sotgan ayolga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi

M.O‘rmonovaning tegishli qonun talablarini qo‘pol ravishda buzganligi fosh etildi. Ya'ni u iste'molchilar hayoti va sog‘lig‘i xavfsizligiga javob bermaydigan alkogol mahsulotlarini tayyorlab sotishni yo‘lga qo‘ygan. M.O‘rmonova 1,5 litr spirtni 15 ming so‘mga sotayotgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olingan. Uning uyidan 57 litr spirt mahsuloti hamda alkogolli ichimliklar tayyorlashda ishlatiladigan turli buyumlar topilib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda. 

Toshkent shahar Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi uning uyidan topilgan spirt mahsuloti inson organizmi uchun o‘ta zararli ekanligi xususida xulosa bergan. 

Mo‘may daromad olishni ko‘zlagan M.O‘rmonova sud tomonidan aybdor deb topilib, unga nisbatan oylik ish haqining 15 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan bir yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Mavzuga oid