Muxlislarning futbol yulduzlariga yetishi uchun qilgan antiqa harakatlari
Dunyoda odamlar ko‘p. Ularning har biri nimagadir qiziqadi, nimagadir haddan ortiq mehr qo‘yadi, ayrim hollarda, ular ayni shu yoqtirgan narsasiga erishish uchun bir qarashda g‘alati ko‘ringan ishlarni amalga oshirishadi. Quyida, futbol yulduzlari bilan bir lahzalik uchrashuv, ko‘rishish uchun muxlislar amalga oshirgan 8ta xatti-harakatni e'tiboringizga havola etamiz.
1. Yaxtani quvib yetmoq
Voqea, «Barselona» hujumchisi Lionel Messi Ispaniyaning Ibitsa dam olish maskanida hordiq chiqarayotgan vaqtda yuz berdi. Argentinalik bo‘sh vaqtini oilasi bilan o‘tkazish maqsadida kattagina yaxtani ijaraga olganidan ko‘p o‘tmay, uni muxlislaridan biri ta'qib qila boshlagan. Jiddu-jahdning jiddiyligini qarang-ki, u, Messi suzayotgan kemaga tezroq yaqinlashish uchun o‘zi kelgan kemadan dengizga sho‘ng‘ishdan ham tap tortmagan. Albatta, muxlisning do‘stlari ham uni Messi bilan suratga olishga shay turishgan.
2. Futbolchining xonasiga bostirib kirish
Bunisi Braziliyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida yuz berdi. O‘shanda, 15-yoshli futbol muxlisi Yago Leal Portugaliya terma jamoasi o‘rnashgan mehmonxonaga kirishning antiqa usulidan foydalandi. O‘spirin yigit, binoning tomidan suvni oqizuvchi quvur orqali Krishtianu Ronaldu xonasining balkoniga, so‘ngra xonaga kira olgan. Lealning so‘zlariga ko‘ra, u o‘zidan avval portugal futbolchisi yotgan o‘rinda yotayotganidan huzur qilgan. Xonasiga kirgan Krishtianu chaqirilmagan mehmondan hayron qolgan bo‘lsa-da, qo‘riqlash xizmatini chaqirmagan, aksincha xonadan chiqib ketishni so‘ragan.
3. Maydonga yugurib chiqish
Futbol bo‘yicha yaqinda tamomlangan Yevropa chempionatida Ronaldu bilan bog‘liq yana bir voqea e'tiborni tortadi. O‘shanda, Portugaliya – Avstriya o‘yinidan so‘ng, portugaliyalik hujumchi bilan selfiga tushishni xohlagan muxlis maydonga yugurib chiqqan edi. Uning maqsadini to‘g‘ri tushingan Ronaldu ham styuardlardan muxlisga teginmaslikni so‘rab, o‘smir bilan suratga tushdi.
Shunga o‘xshash yana bir voqea JARlik bola ishtirokida sodir bo‘ldi. Uning milliy terma jamoasi o‘z uyida braziliyaliklar bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazayotgan edi. O‘yin tugashi bilan maydonga yugirib chiqqan bolakay styuardlarning chaqqonligi evaziga futbolchilarga yeta olmay qoldi. Ammo, uning joniga Neymar aro kirdi. Hujumchi afrikalik bolani qo‘riqchilardan olib, bir necha marotaba suratga tushgan, shundan so‘ng, Braziliya terma jamoasi o‘yinchilari birgalikda bolakayni osmonga otishgan.
Shu o‘rinda, O‘zbekiston milliy terma jamoasining JCh-2014 saralash bosqichi doirasida Koreya respublikasiga qarshi mehmonda o‘tkazgan o‘yini vaqtida yuz bergan voqeani ham yodga olishni istaymiz. O‘shanda, o‘zbek futbol muxlisi o‘yin yakunlanishiga sanoqli daqiqalar qolganida, maydonga yugurib chiqqan va O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchilari bilan ko‘rishib, styuardlarning ko‘magida maydonni tark etgan edi.
4. Maqsad uchun 2400 km ham cho‘t emas
Albatta, bu masofa havo laynerida o‘tilsa, unchalik ham mashaqqat tug‘dirmasligi aniq. Ammo, taniqli serbiyalik sayohatchi Dragan Shishbalich, sevimli jamoasi – «Partizan» ortidan butun Yevropani velosipedda kezib chiqqaniga nima deysiz. Serb shu nomdagi futbol va basketbol jamoalariga faol muxlislik qiladi. Shishbalich hatto 2400 km masofani ortda qoldirib, Moskvaga kelishning uddasidan chiqa olgan sayyoh muxlis hamdir. Bu safari mobaynida Shishbalichning velosipedi ikki marta buzilgan, safar 15 kun vaqtni olgan.
5. Chipta xaridi uchun 17 soat
«Yovil Taun» muxlisi Jyeyms Krjijanovski esa, Angliya kubogining 1/32 finali o‘yiniga kirish uchun chipta xarid qilish maqsadida 17 soat navbat kutib turgan. O‘yin «Manchester Yunayted»ga qarshi bo‘lib o‘tishi kerak edi. Talabning ko‘pligi sabab, Krjijanovski tunbo‘yi kassa yonida turishga majbur bo‘lgan. Uning aytishicha, ona shahri jamoasi «MYu»ga 0:2 hisobida mag‘lub bo‘lganiga qaramay, u o‘yindan ko‘ngli to‘lgan.
6. 960 kmga piyoda yurmoq
Velosipedda 2400 kmni ortda qoldirish, «Bavariya» jamoasining bosniyalik futbol muxlisi qilgan harakat oldida ip ham esha olmaydi. U o‘z uyidan «Alyants Arena» stadionigacha salkam ming kmlik masofani piyoda bosib o‘tishga jur'at etgan va uddasidan chiqqan muxlis hisoblanadi. Vohid o‘z safari davomida beshta davlat: Bosniya va Gertsegovina, Xorvatiya, Sloveniya, Avstriya va Germaniya hududidan piyoda o‘tgan. 10-iyun kuni Bugoynodagi uyidan yo‘lga chiqqan Chexayya «Bavariya» stadioniga 22-iyul kuni yetib kelgan. U safarini nemis jamoasi libosida bosib o‘tgan. Ushbu sayohatdan so‘ng, 12,5 kg ozishning ham uddasidan chiqqan Chexayya uyiga avtobusda qaytishni ma'qul ko‘rgan.
7. O‘zini bemor qilib ko‘rsatish
Italiyaning «Napoli» jamoasiga muxlislik qiluvchi Jovanni Mannini «Roma»ga qarshi o‘yinga chipta ololmagach, o‘yinga tushishning antiqa yo‘lini o‘ylab topdi. Albatta, buning uchun biroz ter to‘kishiga va aktyorlik mahoratini namoyon etishiga majbur bo‘ldi. U yurak xurujiga uchraganini shunchalik jiddiy ko‘rsata oldiki, yaqin oradagi tibbiyot markazi stadionda bo‘lgani uchun shu yerga olib kelindi. Mannini esa, o‘zini stadionda ko‘rgach, o‘rnidan turib tribuna tomon oshiqdi.
8. O‘zini futbolchi sifatida ko‘rsatish
Va nihoyat, ro‘yxatimizning so‘nggi voqeasi Chempionlar ligasining 2000/01 yilgi mavsumida yuz bergan edi. O‘shanda, «MYu» jamoasi 11 kishi emas, balki 12 nafar futbolchi bilan maydonga tushgandi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, jamoa o‘yinchilari 11 nafar bo‘lgani rost, ammo ular safida futbol ishqibozi Karl Pauer ham qayerdandir paydo bo‘lib qolgandi. U, dastlab tasvirga olish jamoasi a'zosi sifatida stadionga kirib, so‘ngra kiyimini «MYu» libosiga almashtirgach, maydonga tushishga jur'at topa olgan.