Jahon | 07:06 / 29.07.2016
5511
2 daqiqa o‘qiladi

Afg‘oniston Jahon Savdo Tashkilotining 164-a'zosi bo‘ldi

Afg‘oniston Jahon Savdo Tashkilotiga (JST) 164-a'zo bo‘lib kirdi. Qoidalarga ko‘ra, Afg‘onistonning JSTga qo‘shilish qarori 29 iyulda avtomatik ravishda kuchga kirdi, chunki Kobuldan tashkilotga kirish haqida bayonnomaning ma'qullangani haqidagi rasmiy ogohlantirish olinganiga 30 kun bo‘ldi. 

Jyenevada tashkilot matbuot xizmati ma'lum qilganidek, Afg‘oniston bayonnomaning parlament tomonidan ratifikatsiya qilingani haqidagi hujjatlarni 30 iyunda JST bosh qarorgohiga topshirgandi. Shu tariqa "Afg‘onistonning tashkilotga a'zo bo‘lishi bo‘yicha oxirgi to‘siq bartaraf qilingan".   

Afg‘oniston tashkilotga kirish bo‘yicha arizani 2004 yilda yo‘llagan. Bu masala bo‘yicha muzokaralar 2015 yil noyabrda muvaffaqiyatli yakunlangan, 17 dekabrda esa JSTning Nayrobidagi vazirlar anjumanida Afg‘onistonning tashkilotga kirishi haqidagi bayonnoma imzolangan. Afg‘oniston parlamenti bu hujjatni 18 iyunda ma'qullagan. 

Tashkilot bosh qarorgohida ta'kidlanishicha, Afg‘oniston BMT tomonidan eng kam rivojlangan deb topilgan 48 ta davlatdan iborat ro‘yxatga kiruvchi JSTga a'zo bo‘lgan 9-davlat bo‘ldi. 14 iyulda JSTga shu ro‘yxatga kiruvchi Liberiya 163-a'zo bo‘lib kirgandi.  

Ayni vaqtda tashkilotga kirish bo‘yicha 19 ta davlat, jumladan 7 ta Afrika davlati muzokaralar olib bormoqda. JST tashkil topgan 1995 yildan beri unga 36 ta davlat qo‘shilgan.

JST dunyo savdosi sohasida nazoratchilik vazifalarini amalga oshiruvchi yagona xalqaro tashkilot hisoblanadi. Uning asosiy vazifasi savdoni yanada erkinlashtirish va adolatli raqobat sharoitlarini yaratishdan iborat. JST 1947 yildan amal qilgan Tariflar va savdo bo‘yicha bosh kelishuvning vorisi hisoblanadi.