Jamiyat | 08:43 / 30.07.2016
32030
15 daqiqa o‘qiladi

Kelinining boshiga yetgan zolim qaynona 

— Bitta bolani ham eplolmaydi bu! O‘chir bolangning ovozini, yer yetkur! Xah, kelin bo‘lmay kelisop bo‘lgur!
— Oyijon, nima qilay, ovutolmayapman! Ehtimol, biror joyi og‘riyotgandir, — dedi qo‘rqa-pisa Musharraf qaynonasiga.
— O‘zing kasalvand bo‘lganingdan keyin, bolang ham kasalvand bo‘ladi-da! Bor, chiq uyimdan. Jongga ham tegib ketding-ku! Yo‘qol! — deya qaynona uni qo‘lidan ushlab sudray boshladi.
— Oyijon, haydamang. Uydagilarga nima deyman axir, — deya Musharraf xo‘rlanib yig‘lay boshladi.
— Unday bo‘lsa, seni ko‘chaga yalong‘och qilib, sharmandalarcha haydayman. Hozircha shu yerda o‘tira tur, — deya qaynona jahl bilan kelinining xonasini qulfladi.

****      ****          ****      ****  

Musharraf bilan Barot sevishib turmush qurishdi. Musharraf qaynonasining xizmatlarini yelib-yugurib ado etishga harakat qildi. Biroq bu Sharofat xolaga yoqmadi. Kelinini pismiqlikda, o‘g‘lining boshini aylantirib, tegib olganlikda ayblab, qildan qiyiq axtarib, uni kamsitishga tushdi:
— Hoy kelin, manavilarni kim yig‘ishtiradi? Tez-tez, chaqqon-chaqqon qimirlasangiz-chi? Namuncha ipirisqi bo‘lmasangiz! Xah, oyoqlaringiz tovuqnikiga o‘xshamay o‘lsin! O‘g‘lim ham xuddi qiz qurib qolganday shunga uylandi-ya, so‘tak. Ko‘z ostimga olib qo‘yganlarim qancha edi-ya. Orzularimni bir pul qildi, yaramas bola.
Musharraf qaynonasining gaplarini eshitmaslikka olib, yumushini davom ettirib ketaverdi. Chunki turmush o‘rtog‘i onasining fe'l-atvorini unga xo‘p tushuntirgandi. Shuning uchun Musharraf qaynonasiga lom-mim demasdi. Sevgani uchun hamma narsaga chidashga tayyor edi.
Sekin-asta Musharraf qaynonasining har kungi javrashlariga ko‘nikdi.

Bir kuni qaynonasining mana shunday bema'ni qarg‘ashlari ustiga qayinsinglisi Oygul kelib qoldi. U yangasini beozor, odobli, aqlli ekanligini juda yaxshi bilardi. Shuning uchun onasidan ranjib dedi:

— Assalomu alaykum, oyijon, — deya onasini quchdi u. — Namuncha? Keliningiz arpangizni xom o‘rdimi? Nimaga uni yomonlayverasiz? Axir u bechora sizga nima yomonlik qildi? Qarang, bechora, sizga bir og‘iz gap qaytarmasa, hamma ishlarini bilib-bilib bajarsa! Sizga yana nima kerak? O‘zi qanaqa kelinni xohlaysiz?
— Sen aralashma mening ishlarimga. O‘z oilangning tinchini bil, — deya u oshxona tomonga qarab baqirdi. — Hoy kelin! Qayinsinglingiz keldi. Tezroq choy-poyingizni keltiring. Imillamang!
— Oyi, iltimos, shu bechorani men kelganda urishmang. Xijolat bo‘lib ketaman.
— Mana shu shumoyoq uyimizga kelin bo‘lib tushganidan buyon bu xonadondan fayz-baraka ko‘tarildi. O‘g‘limning topganida ham baraka yo‘q. Bu indamas, pismiq yakkayu yolg‘iz o‘g‘ilginamni bosh-ko‘zini aylantirib, tegib oldi. Endi mening uyimga kelib, xo‘jayinchilik qiladimi? Chuchvarani xom sanabdi. Akangning ham ko‘zi qayoqda ekan bilmadim. Tanlagan qiziga qara! Na husni bor, na aqli. Bo‘yini qara, bo‘yi. Naq bir qarich-a. Biror joyga olib borishga ham uyalaman. Kelining bor, desa degulik emas-da! Nimaga meni tushunmaysan! Yonayotan yuragimni battar yondirasan? Otangni kuydirib ketgani yetmaganidek!
— Oyi, yangamni kamsitmang. Axir u ham birovning dilbandi. Onaizori bu gaplaringizni eshitsa, xafa bo‘ladi-ya. Bir tomondan endi uning ko‘ngliga ham qarang-da. Axir yangam homilador. Otamning esa umri qisqa ekan. Iloyo, joylari jannatda bo‘lsin.
— Ko‘ngliga qo‘tir jomashov! Tushundingmi? Menga o‘rgatma! Kelin meniki. Nima desam ham haqim bor. Men ham kelin bo‘lganman, tandir-tandir nonlar yopganman. Dalaga chiqib, paxtalar terganman. Hech qachon qaynonam meni avaylamagan. Yangang nimani qoyillatib qo‘yibdi? Og‘zi ovqat yeyishdan bo‘shamaydi. Qachon qarasang kavshangani-kavshangan.
— Axir homilador bo‘lganidan keyin endi ikki kishining ovqatini yeydi-da. Siz u sho‘rlikni tinchgina ovqatlanishiga ham qo‘ymayotgandirsiz.
— O‘chir ovozingni! O‘zingning izzatingni bil. Ko‘p meni jag‘imni ochma.
Oygul oyisiga gap uqdirish befoydaligini tushunib yetgach, indamay qo‘ya qoldi. Bu paytda yangasi xontaxta ustiga patnosda non, choy, qand-qurs keltirib qo‘ydi-da, qaynsinglisi bilan hol-ahvol so‘rashib, o‘z yumushlari bilan ovora bo‘ldi.
Oygul oyisini chalg‘itish maqsadida gap mavzusini qo‘ni-qo‘shnilardan, mahalladagi yangiliklarga burdi. Ular ancha suhbatlashib o‘tirishdi. Keyin Oygul ketishga chog‘landi. Shuning uchun yangasining xonasiga kirib unga yuzlandi:
— Yangajon. Oyimning ahvolini ko‘rib turibsiz Shuning uchun ularning gaplarini ko‘nglingizga olmang. O‘zingizni avaylang. Oyim har narsa deyaveradi. Aslo siqilmang. Omon-eson qutulib olsangiz, zora nevarasini qo‘liga olgach, mehr uyg‘onsa.
— Siz sirayam xijolat bo‘lmang. Oyimdan xafa emasman. Har doimgi xarxashalari, injiqliklari. Eng muhimi, mening yonimda tushunadigan, qo‘llab-quvvatlaydigan mehribon, oq ko‘ngil akangiz bor. Shuni o‘zi yetadi.
— Erkak kishi dalaning odami. U har doim ham yoningizda bo‘lavermaydi. Shuning uchun o‘zingizni, bo‘lajak jiyanimni avaylab-asrang.
— Xo‘p bo‘ladi. Faqat siz men uchun oyingiz bilan janjallashmang. Qachonlardir oyingiz ham meni tushunib qolar, deya umid qilaman.
— Bo‘pti, yangajon, yaxshi o‘tiringlar. Akamga salom deb qo‘ying. Men uyga boraqolay. Birrovga kirgandim, — deya Oygul yangasi bilan xayrlashib, hovliga chiqdi.

Onasi bilan ham xayrlashib, ortiga qaray-qaray uyiga ravona bo‘ldi. Onasiga gap uqtirolmaganidan o‘kindi.
Sharofat xolaning keliniga nisbatan zug‘umi oshsa oshdiki, kamaymadi. Itda tinim bor, qushda tinim bor, ammo Musharrafda tinim bo‘lmadi. Qaynona iloji boricha unga yo‘q joydan ham ish topib, bir zum bo‘lsada tinchlik bermadi. Bechora Musharraf kechga tomon xuddi birov kaltaklaganday to‘shakka zo‘rg‘a cho‘zildi. Ertalab esa har doimgidek qaynonasining kamsitishlarini eshitish bilan bu hovlida hayot qaynardi.

Oradan oylar o‘tib, uning tug‘ruq davri ham yaqinlashdi. Biroq Sharofat xola ataylabdan unga og‘ir yumushlarni ham buyuraverdi. Bir kuni u hovlida belini ushlaganicha yiqildi. Yaxshiyamki o‘sha kuni uyda uning turmush o‘rtog‘i Barot ham bor edi. Darhol “Tez yordam” chaqirtirdi. Musharrafni tuman shifoxonasining tug‘uruq bo‘limiga olib ketishdi. Nihoyat ular intiqib kutilgan farzand ham dunyoga keldi. Qiz ekan. Unga Zarifa deya ism qo‘yishdi. Biroq Musharrafning ahvoli ham, chaqaloqning ahvoli ham yaxshi emasdi. Shuning uchun ona–bolalar bir oycha shifoxonada yotib davolanishdi. Musharraf qaynonasidan cho‘chiganidan homiladorlik vaqtida tuzuk-quruq ovqatlanmasdan kamqonlik kasalligiga duchor bo‘lgandi. Shifokorlar uni ham qaynonasini ham ogohlantirishdi. Shifoxonada yotib davolanishga qaynona ruxsat bermadi. Shuning uchun qizaloq ham xuddi shu kasallik bilan tug‘ildi.

Bir kuni uning ortidan shifoxonaga borgan qaynona yana shang‘illay ketdi:
— Hadeb, oyog‘ingni ko‘tarib yotaverasanmi? Har kuni sening oldingga kelishga meni vaqtim bormi? Nima balo, sil kasalmisan?
Palatadoshlari oldida uyalib ketgan kelin unsiz yig‘lashga tushdi.
— Yig‘lab meni yengaman, deb o‘ylama! Endi kelmayman! Mehribon onajoning xabar olsin! — deya Sharofat xola eshikni qarsillatib yopib chiqib ketdi.
Musharraf bechora bo‘lsa bor alamini yig‘idan oldi. Xuddi shu payt Musharrafning onasi Sojida xola kelib qoldi. Nima gapligini bilgach, qudasiga insof tilab, qizini ovutdi. Ammo qudaxoladan qattiq ranjidi.
Musharraf turmush o‘rtog‘i kelganida ham onasining aytgan gaplarini aytmadi. Chunki uni ham siqilishini istamadi.
Ertasi kuni o‘g‘lining qistovi bilan Sharofat xola kelinini ko‘rgani kelib dedi:
— Ha, kelin, tuzukmisan? Haliyam osmonga qarab yotibsanmi? Betimning qattig‘i, jonimning huzuri deb. Bo‘ldi-da endi, shuncha yotganing. Uydagi yumushlar kutib qoldi. Yur, endi.
Musharraf qaynonasiga bir so‘z demasdan piqillab yig‘lashga tushdi.
— Hadeb piqillayverma. Do‘xtiringga ayt-da, tezroq uyga qayt! — deya qaynona keliniga boshdan-oyoq razm soldi-da, xumrayganicha xonadan chiqib ketdi.
O‘sha kuni Sojida xola ham qizini ko‘rgani borgandi Musharraf onasiga yolvora boshladi:
— Jon oyijon, do‘xtir bilan gaplashib, meni bu yerdan olib keting. Siqilib ketdim.
Onaizor darhol palata shifokori bilan gaplashib, qolgan davolash muolajalarini uyda olish sharti bilan Musharrafni va qizalog‘ini u yerdan olib chiqdi.
Sojida xola bu haqda qudasini ham xabardor qildi. Ammo qahri qattiq quda nevarasini va kelinini bir bor ko‘rgani ham kelmadi. Sojida xola qizini va nevarasini ikki oy o‘zi parvarish qildi. 

Bu orada kuyovi Barot ulardan tez-tez xabar olib turdi.

Qizi sog‘aygach, Sojida xola uni va nevarasini olib qudasinikiga bordi.

Sharofat xola ularni xushlamaygina kutib oldi. Musharraf xonasiga kirib, hang-mang bo‘lib qoldi. Keyin onasini imlab chaqirdi. Sojida xola ham qizining xonasiga kirib, u yerdagi ko‘rpa-to‘shaklaru, qizining javonidagi kuylaklari yo‘qligini ko‘rib jahli chiqdi.

— Hoy qudajon, bu nima ahvol. Iltimos, qizimning narsalarini qaytaring. Bu nima qilganingiz axir?
— Menga uyda o‘tirib, kelinlik vazifalarini bajaradigan kelin kerak. Kasal kelin kerakmas! Qizingiz shukur qilib yashayversin. Mendan hech narsani talab qilmanglar!

Sojida xola og‘ir-bosiqlik bilan qudani murosaga chaqirdi. Yaxshiyamki o‘sha kuni Oygul kelib qoldi-da, bu vaziyatni yumshatib, yangasining ko‘rpa-to‘shaklarini va kiyimlarini onasidan olib berdi.

Endi bu hovlida yashash Musharrafga og‘ir kechdi. Qaynona har bir gapida uni kasalligini pesh qilib, gap bilan chaqib-chaqib olardi. 
Bir kuni Musharraf uyiga yig‘lab bordi. Bu gal qaynonasi uning kiyimlarini olib qo‘yib, haqorat qilibdi. Onasi yana qudasiga Yaratgandan insof so‘rab, qizini uyida olib qoldi. 

Musharraf bir hafta onasinikida yashadi. Ammo chiqqan qiz chig‘iriqdan tashqari deganlaridek, bu yerga ham sig‘madi. Shuning uchun bolasini ko‘tarib qaynonasinikiga yo‘l oldi.

Toqati-toq bo‘lgan Sharofat xola esa endi kelinini battar gap-so‘zlar bilan eza boshladi. 
Bir kuni qayinsinglisi Oygul onasinikiga keldi. Yangasining xamir qorishga holi bo‘lmayotganini ko‘rib, o‘zi yeng shimarib xamir qorishga kirishib ketdi.

Buni ko‘rgan Sharofat xola tutoqdi.
— Bu uyda kim kelin o‘zi? Qizim senga malaymi? Xamirni o‘zing qor! Bitta nonni qilolmasang, nima keraging bor o‘zi? Sil kasal bo‘lsang, ayt, tezroq javobingni bervoraylik!
— Oyi, bo‘ldi-da endi, — dedi Oygul.
Shu payt ichkaridan nevarasining yig‘lagani eshitildi. Sharofat xola yana zahrini keliniga sochdi:
— O‘l-a, bitta bolani ham eplolmasang! Tug‘ib nima qilarding! Uf, bolangdan ham, o‘zingdan ham bezor bo‘ldim. O‘chir, bolangning ovozini!
Musharraf bolasiga qo‘shilib o‘zi ham xo‘rlanib yig‘lardi.
Endi har kungi janjallarga ham, haqoratlarga ham chidab yashay boshladi.
Biroq, bir kuni Musharraf oyoq yalang onasinikiga kirib keldi.
— Voy o‘lmasam! Nima bo‘ldi, bolam, tinchlikmi? — deya uni bag‘riga bosdi Sojida xola.
— Qaynonam, bolam yig‘lagani uchun, uni ovutolmaganim uchun urdi. Kasalmand kelin kerakmas menga, deya baqirdi. Meni yalong‘och holda haydamoqchi bo‘lib, xonamga qamab qo‘ydi. Derazamizni bir amallab ochib, qochib keldim. Onajon, bu hayotdan to‘yib ketdim. Qaynonamning bu qiliqlariga qachongacha chidayman axir! — deya Musharraf o‘ksinib-o‘ksinib yig‘ladi.

U onasinikida uch kun telbalarcha yurdi. So‘ng oshxonaga kirdi-da  o‘choq yonida turgan solyarkani o‘ziga sepdi va gugurt chaqdi. Bir zumda ayol gulxanga aylandi.
“Tez yordam” mashinasi dunyoni buzgudek bo‘lib chinqirib uni olib ketdi. Afsuski, uning jonini saqlab qolishning imkoni bo‘lmadi. Musharraf qaynonasi zulmidan o‘ziga gulxandan makon yasadi.

Musharrafning o‘limidan so‘ng, qaynonasi Sharofat xola jinoiy javobgarlikka tortilib, ozodlikdan mahrum etildi.

Xonbibi HIMMAT qizi, jurnalist.