Jahon | 07:33 / 03.08.2016
12982
2 daqiqa o‘qiladi

Turk gazetasi Merkelning Hitler qiyofasidagi suratini chop etdi

Turkiyaning Aksam gazetasi 1 avgustdagi sonining birinchi sahifasida Germaniya kansleri Angela Merkelning Adolf Hitler qiyofasidagi suratini chop etdi. Bunga Der Spiegel nemis nashri e'tibor qaratdi.

Kantsler Hitlerning mo‘ylovlari bilan va qo‘llarini natsistlar salomi kabi yuqoriga ko‘targan holda tasvirlangan. Nemis nashrining ta'kidlashicha, Aksam gazetasi hukumat taraf turk nashlaridan hisoblanadi.

Turk gazetasi Germaniya sudi Kyolndagi namoyishda Rajab Toyib Erdo‘g‘anning nutqini efirga uzatishni taqiqlagani haqidagi yangilikka shu tariqa munosabat bildirgan. 31 iyulda o‘tgan namoyish turk hukumatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bo‘lib, unda 20 mingga yaqin odam ishtirok etgandi.

Der Spiegel’da aytilishicha, boshqa turk nashrlari ham Berlin keskin tanqid qilingan maqolalarni chop etishgan. Yeni Akit gazetasidagi shunday maqolalardan biri "Germaniya do‘st emas, dushman" deb nomlangan.

Takvim gazetasida esa "O‘z natsistlik o‘tmishidan voz kechmagan Germaniya niqobini yechdi. U Gulenning fitnachi to‘dasini qo‘llab-quvvatlaydi" degan so‘zlar bo‘lgan.