O‘zbekiston | 12:02 / 05.08.2016
9763
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiya bosh vaziri rafiqasining O‘zbekistonga tashrifi yakunlandi

3 avgust kuni O‘zbekistonga tashrif buyurgan Yaponiya bosh vaziri Shindzo Abening rafiqasi Akie Abe 4 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova hamrohligida O‘zbekiston Amaliy san'at muzeyiga tashrif buyurdi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Akie Abening ushbu tashrifi Yaponiya Bosh vaziri Shindzo Abening mamlakatimizga rasmiy tashrifining mantiqiy davomi bo‘ldi. Tashrif mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Akie Abega milliy liboslar va cholg‘u asboblari, kashtachilik, zardo‘zlik, zargarlik, o‘ymakorlik, kandakorlik va kulolchilik asarlari, ulardagi bezak va naqshlarning ma'nolari haqida ma'lumot berildi. Kashta va gilam to‘qish, metallga naqsh solish jarayoni jonli tarzda ko‘rsatilib, mumtoz kuylarimizdan namunalar ijro etildi.

Akie Abe yapon harbiylari mangu qo‘nim topgan maskanni ziyorat qildi. Mehmon vatandoshlari xotirasiga bunyod etilgan yodgorlik poyiga gulchambar qo‘ydi.

Kunning ikkinchi yarmida Tatyana Karimova va Akie Abe Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik Katta teatriga tashrif buyurdilar.

Kontsert dasturidan o‘rin olgan «Nindzya ayol», «Xayol kuyi», «Sakuraning ming daraxti», «Kuzgi oy», «Qaqnus», «Moviy osmon» kabi kuy-qo‘shiq va raqslar tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi.

Shu bilan Yaponiya Bosh vazirining rafiqasi Akie Abening O‘zbekistonga tashrifi nihoyasiga yetdi.

Toshkent xalqaro aeroportida Akie Abeni O‘zbekiston Respublikasi prezidentining rafiqasi Tatyana Karimova kuzatib qo‘ydi.