Sport | 09:41 / 07.08.2016
22083
5 daqiqa o‘qiladi

Rio-2016 kundaligi. Birinchi kun bahslaridan keyin O‘zbekiston medal olgan 20 davlat ichida

Rio-de-Janeyro olimpiadasida ikkinchi kun bahslari davom etmoqda. 6 avgust kuni o‘zbekistonliklar terma jamoasi 5ta sport turib bo‘yicha bahslarni boshladi.

Akademik eshkak eshish. Erkaklar, yakkalik, 2000 metr.
Shahboz Xolmirzayev saralash bosqichida ishtirok etdi va o‘z guruhida 5 sportchi orasida finishga to‘rtinchi bo‘lib yetib keldi. O‘z guruhlarida dastlabki 3ta o‘rinni egallagan sportchilar chorak finalga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l oldi. Xolmirzayev 7 avgust kuni qo‘shimcha bosqichda ishtirok etadi. Bu bosqichda guruhlarda dastlabki ikkita o‘rinni egallagan sportchilar chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. 

Suzish. O‘zbekistonlik sportchilar keyingi bosqichga chiqa olishmadi
Suzish bo‘yicha 400 metrga kompleks uslubda suzish bo‘yicha Ra'noxon Omonova saralash bosqichida ishtirok etdi. U ikkinchi guruhda so‘nggi o‘rinni qayd etdi va finalga chiqa olmadi. Omonova endi 200 metrga kompleks uslubda suzish musobaqasida ishtirok etadi. 

Brass uslubida 100 metrga suzishda Vladislav Mustafin saralashning 3-guruhida 1-yo‘lakchadan suzishni amalga oshirdi. U 1:01.66 natija bilan o‘z guruhida 6-o‘rinni egalladi. Bu natija Mustafinga yarim finalga chiqish uchun yetarli bo‘lmadi. Vladislav Rio-2016 olimpiadasidagi ishtirokini yakunladi.

Stol tennisi. Zohid Kenjayev keyingi bosqichda
O‘zbekiston olimpiya tarixida stol tennisi bo‘yicha ilk marta erkak sportchi ishtirok etmoqda. Zohid Kenjayev Rio-2016 olimpiadasining dastlabki saralash bosqichida chexiyalik sportchiga qarshi bahs olib bordi va g‘alaba qozondi. U Lyubomir Yankarik ustidan 4:2 (8:11, 11:2, 13:11, 11:6, 8:11, 11:9) hisobida zafar quchdi. Zohid Kenjayev navbatdagi bosqichda Buyuk Britaniya vakili Liam Ritchfordga qarshi bahs olib boradi. 

Boks. Xurshid Tojiboyev nimchorak finalga yo‘l oldi
Boks bo‘yicha 60 kg.gacha bo‘lgan vaznda ishtirok etayotgan Xurshid Tojiboyev saralash bosqichida qatarlik Hakan Ereskerni mag‘lub etdi. U uch raund davomida katta ustunlikka ega bo‘lib, raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Har uchala hakam ustunlikni Tojiboyevga berdi — 30:25, 30:27, 30:27. Nimchorak finalda Xurshid Tojiboyev buyuk britaniyalik Yozef Kordinaga qarshi ringga ko‘tariladi.

Dzyudo. Diyorbek O‘rozboyev — bronza medal sovrindori
Pekin-2008 va London-2012 olimpiya o‘yinlarining dastlabki kunida dzyudochi Rishod Sobirov (60 kg.) O‘zbekiston delegatsiyasiga ilk medalni keltirgandi. Braziliyada esa shu vaznda ishtirok etgan Diyorbek O‘rozboyev ushbu an'anani davom ettirdi va terma jamoa hisobiga ilk bronza medalni taqdim etdi. 

O‘rozboyev 1/16 final bosqichida avstraliyalik Joshua Katts, nimchorak finalda shveysariyalik Lyudovik Chammartinni mag‘lub etdi. 

U chorak finalda qozog‘istonlik Eldos Smetovga imkoniyatni boy berdi. Jangning asosiy vaqtida hisob ochilmadi. Oltin ochko uchun kechgan qo‘shimcha bo‘limda Smetov "yuko" ishlashga muvaffaq bo‘ldi.

U bronza medali uchun o‘tish jangida braziliyalik Felipe Kitadayga qarshi tatamiga chiqdi. Bellashuv tugashiga 35 soniya qolganida O‘rozboyev ajoyib uslub qo‘lladi va "ippon" bahosi bilan g‘alaba qozondi. 

O‘rozboyev bronza medali uchun kechgan bahsda gruziyalik Amiran Papinashvilini mag‘lubiyatga uchratdi. Bellashuv debyutida Diyorbek "yuko" bahosini qo‘lga kiritdi va ustunlikni bahs so‘nggiga qadar saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi. 

Shu tariqa, O‘zbekiston hisobiga Rio-2016da bronza medali yozib qo‘yildi. 

O‘zbekiston terma jamoasi Kanada, Ispaniya va Polsha bilan birgalikda 17-20 o‘rinlarni bo‘lishib turibdi.

Hozircha 20ta terma jamoa medal oldi. Medallar hisobi bo‘yicha norasmiy jadvalni Avstraliya terma jamoasi boshqarmoqda (2ta oltin va bitta bronza). Ikkinchi o‘rinda Vengriya joylashgan (2ta oltin medal). Uchinchi o‘rinda amerikalik sportchilar 1 oltin va 4 kumush medal bilan borishmoqda.

Manba: std.uz