Sport | 10:09 / 13.08.2016
8747
2 daqiqa o‘qiladi

Singapurlik suzuvchi Maykl Felpsni oltindan mahrum etdi

Singapurlik suzuvchi Jozef Skuling 100 metrga batterflyay usulida suzish bo‘yicha Olimpiada-2016ning oltin medaliga sazovor bo‘ldi. 

Jozef final bosqichida 50.39 soniya natija ko‘rsatib, barcha raqiblarini ortda qoldirishning uddasidan chiqa oldi. Shu bilan u yangi Olimpiya rekordini ham o‘rnatdi. Olimpiya o‘yinlari tarixida ilk marotaba birdaniga uch sportchi: 22 karra Olimpiada o‘yinlari chempioni amerikalik Maykl Felps, janubiy afrikalik Chad le Klo va Vengriya vakili Laslo Chex (barchasi - 51.14 soniya) ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘lgan. 

Skuling 2015-yilgi jahon chempionatining bronza medali sovrindori hisoblanadi. Bundan tashqari, 2014-yilgi Osiy o‘yinlarida g‘olib bo‘lgan. Suzuvchi 2012-yilgi London Olimpiadasida ham Singapur sharafini himoya qilgan. Biroq, o‘shanda Jozef 26-o‘rin bilan kifoyalangan edi. 

Suzuvchi shu bilan yana bir tarixiy natijani qayd etgan. U, 1948-yildan Olimpiya o‘yinlarida qatnashib keladigan Singapur milliy terma jamoasi tarixidagi ilk oltin medal sohibiga aylangan.