O‘zbekiston | 18:28 / 16.08.2016
15679
2 daqiqa o‘qiladi

Chechenistonda o‘zbekistonlik me'morlar loyihasi asosida masjid qurilishi poyoniga yetmoqda.

Rossiyaning Checheniston respublikasi Shali tumani markazidagi «Shali-Siti» turar joy majmuasi yaqinida Ramzan Qodirov masjidi barpo etilmoqda. U yilning oxirigacha foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan, deb xabar qilmoqda EADaily.com nashri.

O‘zbekistonlik me'morlar tomonidan loyihalashtirilgan masjid, har biri 63 metr bo‘lgan to‘rt minora va balandligi 43 metr bo‘lgan qubbaga ega bo‘ladi. Uning qurilishi 2012-yilda boshlangan bo‘lib, asosiy karkasi qurib bitkazilgan, endilikda ichki va tashqi pardoz-andoz ishlari boshlanmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, masjid chiroyi va uslubi bo‘yicha dunyoda tengsiz bo‘lib, uning ichki va tashqi devorlari oq yunon marmari bilan bezatiladi. Italiyalik mutaxassislar yoritish tizimi ustida ish olib borishmoqda. O‘zbekistonlik me'morlar tomonidan loyhalashtirilgan masjid, qadimiy Buxoro va Samarqand masjidlari uslubini o‘zida mujassamlashtirgan. Bu Chechenistonning O‘zbekistonda joylashgan so‘fiylik markazlari bilan o‘zaro bog‘liqlik timsoli hisoblanadi. 

Masjidning qadimiy o‘zbek masjidlari uslubida qurilishi Qodirovlar oilasining O‘zbekiston bilan bo‘lgan aloqasiga yana bir bor urg‘u beradi. Ma'lumki, Ramzan Qodirovning otasi, marhum Ahmad Hoji Qodirov dastlab Buxorodagi Mir-Arab madrasasida ta'lim olgan, keyin Toshkentdagi Islom institutida tahsilni davom ettirgan. Ahmad Qodirov, o‘qish davrida O‘zbekiston birinchi muftiysi, Islom olamining yirik allomalaridan biri Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufdan ta'sirlangan va ular keyinchalik oilaviy do‘stlashib ham ketgan. Shayx Muhammad Sodiqning vafotidan keyin Grozniy shahri ko‘chalaridan biriga uning nomi qo‘yilgan edi.