Sport | 22:34 / 21.08.2016
30823
3 daqiqa o‘qiladi

Shahobiddin Zoirov O‘zbekiston uchun yana bir oltin medal olib berdi

O‘zbekistonlik bokschilar yana bir olimpiada oltin medaliga ega bo‘ldi.

Olimpiadaning 52 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilari o‘rtasidagi turnirida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Shahobiddin Zoirov bugun final oltin medal uchun jang o‘tkazdi.

U rossiyalik tajribali bokschi Misha Aloyanga qarshi ringga chiqdi va ringda to‘la ustunlik qilib, hakamlar qaroriga ko‘ra g‘olib deb topildi.

O‘zbek bokschisi jangni to‘g‘ri taktika asosida juda yaxshi boshladi. U raqibga aniq zarbalar berib, mustahkam himoyalanayotgan edi. Ammo birinchi bo‘lim o‘rtalarida u raqibning 3-4ta aniq zarbasini o‘tkazib yubordi. Shunga qaramay, u o‘ziga kelib oldi va raund so‘ngida yo‘qotilgan ochkolarni tiklashga harakat qildi. Birinchi bo‘lim uchun hakamlarning ikki nafari ustunlikni Aloyanga, bir nafari Zoirovga berdi. 10:9, 9:10, 9:10.

Ikkinchi raund o‘zbekistonlik sportchining to‘la ustunligi ostida kechdi. Shahobiddinning ketma-ket aniq zarbalari Mishani deyarli muvozanatdan chiqardi. Hakamlarning barchasi ikkinchi bo‘lim uchun ustunlikni bokschimizga berishdi. Natijada so‘nggi bo‘lim oldidan hisob 20:18, 19:19, 19:19 ko‘rinishga keldi. 

Uchinchi raundda ham vaziyatni nazorat qilgan o‘zbekistonlik sportchi g‘alaba qozonib, oltin medal bilan qaytadigan bo‘ldi: 3:0 — 30:27, 29:28, 29:28!

Bu O‘zbekiston delegatsiyasi uchun Riodagi uchinchi oltin bo‘ldi. Shahobiddinga qadar bokschi Hasanboy Do‘stmatov va og‘ir atletikachi Ruslan Nuriddinov Olimpiada—2016 shohsupasining eng yuqorisidan joy olgandi.

Shuningdek, 2ta kumush va 6ta bronza medal qo‘lga kiritilgan. O‘zbekiston delegatsiyasi endilikda 11ta medal bilan umumiy reytingning 22-pog‘onasida joylashdi.

Ishtirokini saralash bosqichidan boshlagan Shahobiddin Zoirov Rio—2016 dagi birinchi jangida irlandiyalik Brendan Irvinni taslim etgandi. U 1/8 finalda amerikalik Antonio Vargasni, 1/4 finalda esa ozarbayjonlik Elvin Mamishzodani turnirdan chiqarib yubordi. Final ostonasida venesuelalik Yoel Rivasga qarshi ringga ko‘tarildi va raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmagan holda Hasanboy Do‘stmatov, Shahram G‘iyosov va Bektemir Meliqo‘ziyevlar qatorida boks bellashuvlarining finaliga yo‘llanma olgan to‘rtinchi o‘zbekistonlik bokschiga aylangandi.

Mavzuga oid