Afrosiyob Buxoroga qaytdi
Firdavsiyning «Shohnoma» dostonida Alp Er To‘ng‘a, ya'ni Afrosiyob va uning qahramonliklari haqida kuylanadi. Dostonda Buxoro arkini Afrosiyob bunyod etgani yoziladi. 25 avgust kuni Buxoroga Afrosiyob qaytdi. Vatanimiz mustaqilligining yigirma besh yilligi arafasida yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” poyezdining Toshkent – Buxoro yo‘nalishi bo‘yicha qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Poyezdning dastlabki yo‘lovchilari mehnat faxriylari, temiryo‘lchilar, Buxoro, Samarqand, Navoiy viloyatlari faollari va yoshlar vakillari bo‘ldi.
Soat 8.00da Toshkent shahridan yo‘lga chiqqan poyezd oradan 2 soat-u 8 daqiqa o‘tib, Samarqand temir yo‘l vokzaliga kirib bordi. Soat 10.30 da bir guruh samarqandlik va navoiylik faollar qo‘shilgan “Afrosiyob” poyezdi ilk bor Buxoro tomon yo‘lga tushdi. Samarqand, Navoiy viloyatlarining shahar va qishloqlari, bepoyon dalalaridan yeldek uchib o‘tgan poyezd soat 11.40da Buxoro temir yo‘l vokzaliga yetib keldi. Bu yerda ilk poyezd va uning yo‘lovchilari Buxoro viloyati faollari, keng jamoatchilik tomonidan tantanali kutib olindi. Shundan so‘ng “Afrosiyob” poyezdi qatnovining yo‘lga qo‘yilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazildi. Tadbirda yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar qatnovini Urganchga qadar yo‘lga qo‘yish rejasi haqida aytildi. Yaqin kelajakda bir vaqtning o‘zida 300 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladigan yana ikkita shu rusumdagi poyezd olib kelinishi ta'kidlandi. Mazkur yo‘nalishda yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilishi bilan yurtimizda bunday poyezdlar harakatlanadigan temir yo‘llar uzunligi 700 kilometrdan oshdi. Istiqlolimizning 20 yilligi arafasida mintaqada ilk bor O‘zbekistonda Toshkent–Samarqand yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanadigan “Afrosiyob” poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yilgan edi. Keyinchalik bu boradagi ishlar boshqa yo‘nalishlarda ham davom ettirildi. 2015 yilda Maroqand – Qarshi temir yo‘l liniyasini elektrlashtirish ishlari yakuniga yetkazildi va “Afrosiyob” poyezdi Qarshi shahriga qatnay boshladi. “Afrosiyob” shu kunga qadar 1 milliondan ortiq yo‘lovchining uzog‘ini yaqin qildi.
Tadbir ishtirokchilari yangi vokzal binosi, bu yerda yo‘lovchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Viloyat markazidagi diqqatga sazovor joylarga, jumladan, Bahovuddin Naqshband majmuasiga sayohat uyushtirildi.
Shu kunning o‘zida “Afrosiyob” poyezdi Buxorodan Toshkentga qaytdi.
Shuni alohida ta'kidlash kerakki, “Afrosiyob” poyezdi harakatlanar ekan, yo‘lning ikki chetida bolalar qatori kattalar ham qo‘l siltab qolishdi. Yosh bolalarning sakrab raqsga tushayotganini ko‘rib, “Afrosiyob”ga hech kimning befarq emasligiga amin bo‘ldik.
Mustaqilligimizning dastlabki yillaridanoq temir yo‘l transportini izchil rivojlantirish orqali yagona milliy temir yo‘l tizimini yaratishga alohida e'tibor qaratildi. Uzoq istiqbolga mo‘ljallangan maxsus dasturlar, loyihalar asosida ushbu sohada keng ko‘lamli islohotlar, ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Buning samarasida o‘tgan yigirma besh yilda yangi temir yo‘l liniyalari barpo etilib, asosiy tranzit uchastkalar rekonstruksiya qilindi va elektrlashtirildi. Yangi yo‘nalishlar tashkil etilib, yangi yo‘llar, vokzallar qurildi, mavjud temir yo‘l vokzallari ta'mirlandi.
Navoiy–Uchquduq–Sulton Uvaystog‘ –Nukus temir yo‘li mamlakatimiz shimolini markaz bilan, Amudaryo orqali o‘tgan ko‘prik esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatini boshqa hududlar bilan bog‘ladi. “Asr mo‘'jizasi” deb nom olgan noyob inshoot – Toshguzar–Boysun–Qumqo‘rg‘on temir yo‘l liniyasi janubiy hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etayotir. Qamchiq dovoni orqali o‘tgan Angren–Pop elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasi va undagi Qamchiq tunnelining ishga tushirilishi Farg‘ona vodiysi viloyatlarini mamlakatimizning boshqa hududlari bilan temir yo‘l orqali bog‘lash imkoniyatini yaratdi. Mazkur temir yo‘l tarmog‘i Xitoy–Markaziy Osiyo–Yevropa yangi xalqaro tranzit temir yo‘l koridorining eng muhim bo‘g‘ini bo‘lib xizmat qiladi.
Bundan bir necha yillar avval bir shahardan ikkinchi shaharga tezroq borish uchun samolyotlardan foydalanilardi. Endilikda shaharlar, hatto mamlakatlarni o‘zaro bog‘lovchi tezyurar poyezdlar paydo bo‘ldi.
Xitoy, Yaponiya va Yevropaning qator mamlakatlarida 300 kilometr masofani atigi bir soatda bosib o‘tuvchi poyezdlar oddiy transport turiga aylanib bormoqda. Tezyurar poyezd deb, temir yo‘llarda o‘rtacha tezlikdan ko‘proq harakat qiladigan poyezdlarga aytiladi. Tahlilchilar soatiga 140 kilometr tezlikda harakatlanuvchi poyezdlarni tezyurar deb, tezligi 200 kilometrdan oshadigan poyezdlarni yuqori tezlikdagi poyezdlar deb atashadi.
Zamonaviy yuqori tezlikdagi poyezdlar soatiga 350—400 kilometr tezlikda harakat qiladi. Ayni damda tezligi 560—580 kilometr tezlikda harakat qiluvchi poyezdlar sinovi o‘tkazilmoqda.
Ilk bor yuqori tezlikdagi poyezdlar qatnovi 1964 yilda Yaponiyada Tsinkansen loyihasi bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgandi. 1981 yildan boshlab esa Fransiyada ham yuqori tezlikdagi poyezdlar qatnay boshladi. Keyinchalik bu jarayon Yevropa g‘arbidagi deyarli barcha mamlakatlarda kuzatila boshlandi.
XXI asr boshlarida yuqori tezlikdagi poyezdlar yo‘llarining uzunligi va qatnovi bo‘yicha Xitoy birinchilikka erishdi. Tezyurar poyezdlarga mo‘ljallangan temir yo‘llar bo‘yicha Xitoy oldingi o‘rinni egallab turibdi. 2012 yilgi holatga ko‘ra Xitoy temir yo‘llarining uzunligi 9 ming 300 kilometrni tashkil qiladi. Shundan 1995 kilometrida poyezdlar soatiga 350 kilometr tezlikda harakat qiladi. 2015 yilda temir yo‘llarning uzunligi 18 ming kilometrga yetishi rejalashtirilgan. Ayni damda bu mamlakatda yuqori tezlikda harakat qiladigan poyezdlarga e'tibor kuchaymoqda. Xitoyda yuqori tezlikda harakat qiluvchi poyezdlar uchun temir yo‘llar qurish, asosan, Davlat banklari va davlatga tegishli moliya institutlari tomonidan moliyalashtiriladi.
Rossiyada yuqori tezlikdagi «Sapsan» poyezdlari oddiy yo‘llarda 2009 yil so‘ngida qatnay boshladi. Moskva-Sankt Peterburg o‘rtasida yuqori tezlikdagi poyezdlar uchun maxsus temir yo‘llarning qurilish loyihasi 2017 yilga borib yakunlanadi. 2018 yilda esa Moskva va Sankt-Peterburg o‘rtasida tezligi soatiga 400 kilometrni tashkil qiladigan poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Shu tariqa yo‘lovchilar o‘z manzillariga 2,5 soat davomida yetib boradilar.
Shuni ta'kidlash kerakki, hozircha tezyurar poyezdlar reaktiv samolyotlarning tezligiga yeta olmadi. Tan olish kerak, bir shahardan ikkinchi shaharga yetib borishda samolyotlar poyezdlarga qaraganda ancha qulaydir. Biroq aeroportlarning vokzallarga nisbatan shahardan uzoqdaligini esdan chiqarish kerak emas. Bu esa yo‘lovchilarning shahardan aeroportga yoki aeroportdan shaharga borishlarida ancha vaqt va harajatlarni talab qiladi. Ko‘plab shaharlarda aeroportga borish salkam bir soatni tashkil qilishi sir emas. Vokzallar esa shahar markazida joylashgan. Chiptalarni esa poyezd qo‘zg‘alishidan 15 daqiqa avval xarid qilish mumkin. Bu esa poyezdlarning samolyotlardan afzalligini isbotlaydi. Poyezdlardan foydalanish, o‘z navbatida, ichki yo‘nalishda parvoz qiluvchi samolyotlar sonini kamaytirishi, bu samolyotlardan xalqaro yo‘nalishlarda foydalanish, nisbatan qimmat bo‘lgan aviatsiya yoqilg‘isini iqtisod qilish imkonini beradi.
Yaqinda Rossiya telekanallaridan birida tezyurar poyezdlarga bag‘ishlangan maxsus ko‘rsatuv bo‘ldi. Unda bu kabi poyezdlar qatnovi atigi 17ta davlatda yo‘lga qo‘yilgani ta'kidlanadi. Bu davlatlar orasida “Nasaf”, «Sharq» va “Afrosiyob” tezyurar poyezdlari qatnovini yo‘lga qo‘ygan O‘zbekistonning ham borligi ko‘ngilimizni tog‘dek ko‘tardi. Bu ham bo‘lsa bizning hech kimdan kam bo‘lmaganimizni va kam bo‘lmasligimizni yorqin isbotidir.
Sharofiddin To‘laganov / Tnews.uz
Mavzuga oid
21:11 / 11.11.2024
Namanganda poyezd bilan to‘qnashgan Damas haydovchisi halok bo‘ldi
12:01 / 09.11.2024
Buxoroda 16 yoshli bola o‘nlab shaxslar nomiga kredit olib, onlayn qimorga tikib yubordi. U qamoqqa olingan
11:34 / 06.11.2024
Buxoroda 1 mlrd so‘mdan ziyod elektrdan noqonuniy foydalangan tadbirkor aniqlandi
15:04 / 03.11.2024