O‘zbekiston | 17:44 / 13.09.2016
15495
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston havo yo‘llari» yana 3ta Dreamliner sotib olishni rejalashtirgan

Foto: UzDaily

«O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi yana 3ta Boeing 787 Dreamliner rusumli samolyotini olishni rejalashtirgan. Bu haqda o‘z manbasiga asoslangan holda Sputnik agentligi xabar tarqatgan.

«Boing – fuqaro samolyotlari» kompaniyasi prezidenti Reymond Konnerning O‘zbekistonga 7 sentabr kuni amalga oshirgan tashrifi vaqtida yangi samolyotlar xarid qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilgan.

«Kompaniya 3ta yangi samolyot sotib olish borasida dastlabki kelishuvga ega. O‘zbekiston milliy aviakompaniyasining dastlabki ikkita «orzu layner»lari 787-8 komponovkasida (turkum) bo‘lgandi, yangi samolyotlar yo‘lovchi o‘rindiqlari soni ko‘paytirilgan 787-9 komponovkasida bo‘ladi», — deyilgan xabarda.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston tomoni samolyotlarga bir qator talablarni qo‘ymoqchi. An'anaga ko‘ra, bu tejamkor tasnifida o‘rindiqlar orasidagi masofaning kengroq bo‘lishi, kattalashtirilgan ekranlar va yana boshqa qulayliklardan iborat bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, 2016 yilning 31 avgustida «O‘zbekiston havo yo‘llari» o‘zining ilk «orzu layneri»ni (246 yo‘lovchiga mo‘ljallangan - tahr.) qabul qilgandi. Bu layner avvalgi Boeing 767 rusumli samolyot bilan solishtirganda Moskvaga 10 daqiqa tezroq, Parijga esa 20-30 daqiqa tezroq yetib boradi.

Milliy aviakompaniya yangi samolyotini 5 sentabridan boshlab ekspluatatsiya qila boshladi. Ilk xalqaro reys esa 9 sentabr kuni Qozog‘istonning Olmaota shahriga amalga oshirildi.

Shu yilning noyabr oyida aviakompaniya parki ikkinchi Boeing 787-8 Dreamliner samolyotini qabul qilib oladi.

Yangi samolyotlar AQSh va Kanada, Osiyo, Afrika va Avstraliyadagi shaharlarga parvozlar uchun foydalaniladi.

Mavzuga oid