O‘zbekiston | 21:49 / 30.09.2016
10143
2 daqiqa o‘qiladi

Yoshlar velomarafoni o‘tkazilishi munosabati bilan Toshkentdagi ba'zi ko‘chalar yopiladi

Toshkent shahar hokimligining ma'lum qilishicha, 2 oktabr kuni “Kamolot-Tur” IX yoshlar velomarafonining Respublika bosqichi o‘tkazilishi munosabati bilan soat 9:00dan 11:00ga qadar poytaxtdagi ba'zi ko‘chalar yopiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 11 dekabrdagi bayoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar Dasturi” hamda Toshkent shahar hokimining “Toshkent shahrida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishiga binoan Toshkent shahrida yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, velosport turini ommalashtirishga qaratilgan “Kamolot-Tur” IX yoshlar velomarafonining Respublika bosqichi o‘tkazilishi belgilangan.

Shu munosabat bilan harakat xavfsizligini ta'minlash maqsadida joriy yilning 2 oktabr kuni soat 9:00dan 11:00ga qadar Nukus ko‘chasidan (Nukus, A.Qodiriy, Abay, Navoiy, Sh.Rashidov, Mustaqillik ko‘chalari) “Paxtakor” markaziy stadionigacha bo‘lgan ko‘chalarda (Glinka, Oybek, A.Temur, Mustaqillik, Sh.Rashidov, Abay, Sebzor, Navoiy, Yusuf Xos Xojib ko‘chalari) harakatlanish cheklanadi.

Toshkent shahar hokimligi ushbu cheklanishlar tufayli yuzaga keladigan  noqulaychiliklar uchun oldindan uzr so‘raydi.

Mavzuga oid