Shavkat Mirziyoyev Samarqandda Aleksandr Lukashenko bilan uchrashuv o‘tkazdi
Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirish maqsadida 6 oktabr kuni Samarqand shahriga tashrif buyurdi. Aleksandr Lukashenko O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Shundan so‘ng oliy martabali mehmon Samarqand shahridagi Forumlar majmuasiga tashrif buyurib, Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimovaga chuqur hamdardlik izhor etdi.
Forumlar majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Belarus O‘zbekistonga Markaziy Osiyodagi asosiy iqtisodiy sherik sifatida qaraydi. Mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar do‘stlik va o‘zaro manfaatdorlik tamoyillari asosida rivojlanib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasi bilan Belarus Respublikasi o‘rtasida 2008–2017 yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma va uning ijrosiga qaratilgan dastur izchil amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev Birinchi Prezident Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirish maqsadida tashrif buyurgani uchun Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoga minnatdorlik bildirdi. Ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlari bundan keyin ham izchil davom etishini, mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish zarurligini ta'kidladi.
Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov butun faoliyatini o‘z xalqi, Vatani ravnaqiga bag‘ishlagani, bugun O‘zbekiston iqtisodiyoti rivojlangan, tinch va barqaror davlatga aylanganini qayd etdi. Islom Karimov vafotidan keyingi sinovli kunlarda O‘zbekiston xalqi donoligini, yuksak madaniyatini va hamjihatligini yana bir bor namoyon etganini, shunday buyuk zaminga tashrif buyurganidan mamnunligini ta'kidladi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida turli sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Shu bilan Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning O‘zbekistonga tashrifi nihoyasiga yetdi.
Mavzuga oid
20:18 / 16.11.2024
Lukashenko Belarus uysizlar va tekinxo‘rlar bilan «jiddiy kurashishini» aytdi
13:49 / 14.11.2024
Samarqandda o‘quvchi avtobus urib yuborishi oqibatida halok bo‘ldi
20:49 / 11.11.2024
Belarus rasman BRIKS bo‘yicha sherik davlat maqomini oldi
09:28 / 08.11.2024