Jahon | 07:50 / 21.10.2016
9218
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning BMTdagi vakili BMT bosh kotibini tanqid qildi

Foto: /TASS

Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vitaliy Churkin BMT Bosh assambleyasining Suriyadagi vaziyat bo‘yicha norasmiy yig‘ilishidagi nutqida BMT bosh kotibi Pan Gi Munni keskin tanqid qildi. Churkinning aytishicha, BMT bosh kotibi o‘z ma'ruzasida terrorchilarning faoliyatini "bir so‘z bilan ham tilga olmagan". Bu haqda TASS axborot agentligi xabar bermoqda.   

"BMT bosh kotibi Suriyadagi vaziyat, u yerda vujudga kelgan og‘ir gumanitar vaziyat haqida gapira turib, terrorchilik tashkilotlari haqida bir og‘iz gapirmasligining qanday qilib iloji bor? Axir, terrorchilikka qarshi kurash BMTning asosiy maqsadlaridan biri emasmi?", deb savol bilan yuzlandi Churkin. 

Shu bilan birga Churkin yig‘ilganlarga BMTga a'zo davlatlardan "terrorchilar Suriya hududida o‘zlariga yaratgan ishonchli makonni yo‘q qilishni" talab qiluvchi BMT Xavfsizlik kengashining 2249 va 2254-sonli rezolyutsiyalarini eslatib o‘tdi.

Pan Gi Mun yig‘ilishda Rossiya tomondan Halabda aviazarbalar to‘xtatilishi e'lon qilinishini qutladi.

 

Mavzuga oid