O‘zbekiston | 17:43 / 25.10.2016
27890
6 daqiqa o‘qiladi

Bosh vazirning virtual qabulxonasi: Murojaatlar ijobiy hal etilmoqda

O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinligini, qonuniy manfaatlarini himoya qilishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bosh qomusimizda fuqarolarning huquq va erkinliklari daxlsiz ekanligi kafolatlangan.

Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Oltintepa 2-tor ko‘chasida – Nigora Mirzamuhamedova yashaydigan mahallada uylar buzilib, ko‘p qavatli turar joylar qurilishi boshlangan. Lekin bu ayol va ayrim qo‘shnilarining uy-joyi buzilmay qolgan. Bu ular yashaydigan uylarda chang-to‘zon ko‘tarilib, turli hasharotlar ko‘payishiga olib kelgan.

– Bosh vazirning virtual qabulxonasiga yuborgan murojaatimda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan Toshkent shahar hokimligi tomonidan 2-3 kun ichida chora ko‘rildi, – deydi N.Mirzamuhamedova. – Mirzo Ulug‘bek tumani davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi, tuman hokimligi vakillari biz yashayotgan hududga keldi. Bu yerdagi noqulay shart-sharoitlar o‘rganilib, ularga yechim topildi, kemiruvchi jonzotlar, hasharotlarga qarshi dezinfeksiya qilindi. Ko‘cha va xonadonlarga kirish yo‘laklariga asfalt yotqizilmoqda.

Davlat idoralarida mansabdor shaxslar tomonidan «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonun ijrosining ta'minlanishi fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda, aholining murojaatlarini tez hal etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur qonunda sohadagi qonunbuzilish holatlari uchun qat'iy javobgarlik belgilanib, davlat organlari va mansabdor shaxslarga murojaat qilish tartibi takomillashtirilgan.

Toshkent shahar hokimligida inson huquq va erkinliklarini ta'minlash, aholi murojaatlari va shikoyatlarini ko‘rib chiqib, tezroq hal qilinishi borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Aholiga uy-joy va yer ajratish, kommunal xizmat ko‘rsatish, tadbirkorlik faoliyatiga asossiz aralashuvlarga chek qo‘yish, qurilish, obodonlashtirish, ichki ishlar va sud masalalari, moddiy yordam va ijtimoiy himoya, elektr va gaz ta'minoti, ish haqi va pensiya to‘lovi, doimiy propiska va imtiyozli uylar ajratish masalalari bo‘yicha kelib tushayotgan murojaatlar tegishli mutasaddi tashkilotlar yordamida qonun doirasida ijobiy hal etilmoqda.

– Joriy yilning 9 oyida Toshkent shahar hokimligiga 14 ming 890 yozma va og‘zaki murojaat kelib tushgan, – deydi Toshkent shahar hokimligi ishlar boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Boymoqov. – Ularning 5 mingdan ziyodi ijobiy hal etilgan bo‘lsa, 9 mingtasiga tushuntirishlar berildi. O‘zbekiston hukumati portalida ochilgan Bosh vazirning virtual qabulxonasi (pm.gov.uz) orqali minglab yurtdoshlarimiz hududlarda uchrayotgan turli muammo va shikoyat, taklif va arizalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Bosh vazirga murojaat qilmoqda. Toshkent shahar hokimligida Bosh vazirning virtual qabulxonasi orqali kelib tushayotgan murojaatlar bilan ishlovchi maxsus ishchi guruhi tuzilgan. Shtab zarur texnika vositalari bilan ta'minlanib, faoliyati alohida nazoratga olindi. Murojaatlarning tez va sifatli bajarilishini ta'minlash maqsadida mas'ul shaxslar biriktirildi. Shu kungacha virtual qabulxona orqali Toshkent shahar, tuman hokimliklari va tizimdagi boshqarmalarga oid 6 mingdan ziyod murojaat ro‘yxatdan o‘tkazilib, ijrosi ta'minlanmoqda.

Bosh vazirning virtual qabulxonasidan Toshkent shahar hokimligiga kelib tushayotgan muammo va shikoyatlarning aksariyati ko‘p qavatli uylar atrofida bolalar maydonchalarini qurish, aholiga uy va yer ajratish, ko‘chalarni asfalt qilish, uy-joylarni ta'mirlash, kommunal xizmat, bandlik, mahalliy ijro hokimiyatining mas'uliyatini oshirish bilan bog‘liq masalalar bo‘lmoqda.

Yashnobod tumani Tuzel-2 mavzesida yashovchi J.Murtazoyeva ko‘p qavatli uylardan birining 9-qavatida istiqomat qilishi, har yili qishda uyining tomidan suv o‘tishi, shaxtalar suvga to‘lib ketishi, bunga chora ko‘rilishini iltimos qilgan. Murojaat o‘rganilganda, haqiqatdan ham uyning tomi yaxshi ta'mirlanmagani, yomg‘ir va qor yoqqanda, uyning yo‘laklarigacha suv to‘lib ketishi aniqlangan. Bu masala mutasaddi tashkilotlar tomonidan o‘rganilib, o‘z yechimini topgan.

Mirobod tumanidagi Qo‘yliq massivi 44-uyda yashovchi Aziz Oxunov o‘zi yashaydigan ko‘p qavatli uyning lifti eskirib qolganligi sababli tez-tez buzilib qolishi, keksalarning ko‘chaga chiqolmay, yosh bolali onalarning qiynalib qolganligidan shikoyat qilgan. Mutasaddilar tomonidan bu murojaat ham o‘rganilib, eski lift zamonaviysiga almashtirilgan.

Aholini tabiiy gaz bilan uzluksiz ta'minlash, gaz taqsimlash uskunalarining umumiy ahvoli, ko‘p qavatli uylarning quvurlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash uchun ko‘rikdan o‘tkazish borasidagi taklif va shikoyatlar ham Toshkent shahar va tuman hokimliklarida  hal etilmoqda.

Har bir murojaat ortida inson, el-yurtimiz hayotiga oid biron bir muammo-masala mujassam. Bularning hal etilishi mamlakatimizda kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish jarayonini tezlashtiradi, xalq farovonligini oshirib, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiq-oshkoraligi va ishonchliligini ta'minlashga xizmat qiladi.

Mavzuga oid