Fan-texnika | 17:52 / 03.11.2016
7665
2 daqiqa o‘qiladi

Honda ikkita tezlik rekordini o‘rnatgani ma'lum qilindi

Yaponiyaning Honda kompaniyasi ishlab chiqqan reaktiv samolyoti ishbilarmonlar aviatsiyasi toifasida ikkita tezlik rekordini o‘rnatdi. Bu haqda, Yaponiya kompaniyasi matbuot xizmati xabar qilmoqda. 

2016 yil aprelida HondaJet AQShning Nyu Jyersi shtatidagi Teterboro aeroportidan Florida shtati Fort-Lodereyl shahriga rekord natija - 2 soat 51 daqiqada yetib borgan edi. Samolyot havoda qarshi shamol tezligi soatiga 112 km bo‘lgan holda soatiga 769 km tezlikda parvoz qila olgan. 

Iyul oyida biznes-jyet Massachusets shtati Boston shahridan Floridaning Palm-Bich shahrigacha bo‘lgan masofani 2 soat 58 daqiqada bosib o‘tgan va bu safar eng yuqori tezligini soatiga 782 kmga yetkazgan. «Xonda»da ma'lum qilishlaricha, bu mazkur toifadagi aviatsiya transporti uchun mutlaq rekord ko‘rsatkichdir. 

Seriyali HondaJet samolyotini barpo etish ishlari 2014 yilda yakunlandi. Yengil reaktiv samolyot Yaponiya avtomobilsozlik kompaniyasining Amerikadagi yuz foizlik sho‘'ba korxonasi hisoblanuvchi Honda Aircraft Company tomonidan ishlab chiqildi. 

HondaJet samolyotiga ikkita kreyserlik quvvati 3755 ot kuchiga ega dvigatel o‘rnatilgan. Parvozining maksimal balandligi 13 kmdan oshuvchi havo layneri 2266 kilometr masofagacha uchib bora oladi. Uning bortiga ko‘pi bilan 6 nafar yo‘lovchi ketishi mumkin. Bu samolyotning birinchi nusxasi AQShda sotilgan bo‘lsa, 2016 yil aprelidan Yevropa bozoriga ham yetkazila boshlangan. HondaJet narxi 4,5 mln dollar atrofida turadi.

 

 

Mavzuga oid