Jamiyat | 15:09 / 04.11.2016
19277
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston tog‘larida ikki kunni yolg‘iz o‘tkazgan 2 yoshli bolakay topildi

Foto: Turmush.kg

1 noyabrda Qirg‘izistonning Laylak tumani ichki ishlar organlariga 2 yoshli bolaning yo‘qolganligi to‘g‘risida xabar kelib tushdi. Bolakayni ikki kundan so‘ng tog‘lardan yolg‘iz holda topishdi. Bu haqida mamlakat IIV matbuot xizmatida xabar berilgan. 

1 noyabr kuni ona 2 yoshli o‘g‘lini qarindoshlariga tashlab, o‘z ishlari bo‘yicha ketgan. Bola qarindoshlarining uyida o‘ynab o‘tirgan. Taxminan soat 12larda katta yoshli qarindoshlar bolaning o‘ynayotgan joyida yo‘qligini ko‘rib, uni qidira boshlashgan. Qidiruv foyda bermagach, ular ichki ishlar organlariga murojaat qilishgan. 

Organ xodimlari darhol bolani qidirish ishlarini boshlab yuborishgan. Militsionerlar bolani ko‘chadan, qo‘shni mahallalardan qidirishgan, biroq topa olishmagan. 

Qidiruvning birinchi kuni natija bermagach, tunda ham davom ettirilgan. Unga chegarachilar ham jalb etilgan. 

Ertasiga qidiruv ishlari yanada kengaytirilgan. Taxminan soat 15larda Adir-Tosh nomli hududda, qishloqdan 10 kilometrdan ortiq radiusda operativ xodimlardan biri yo‘qolgan bolani qo‘shni tog‘ yonbag‘rida ko‘rib qolgan. 

Militsionerlar atrofni binoklda kuzatayotganda uzoqdan kichik nuqtani ko‘rishgan, borib qarashsa, bolakay charchab, kuchsiz holda yotgan bo‘lgan. Qalpog‘i va poyabzalini yo‘qotib qo‘ygan. Bolani darhol mahalliy shifoxonaga yetkazishgan. 

Manbada ta'kidlanishicha, hozir bola ota-onasi bilan birga. 

Foto: Turmush.kg

Mavzuga oid