Jahon | 18:59 / 07.11.2016
21144
3 daqiqa o‘qiladi

So‘rov: Saylovga 1 kun qolganida Klinton Trampni kichik farq bilan ortda qoldirmoqda

Foto: Reuters

AQSh prezidentligi uchun Demokratlar partiyasidan nomzod bo‘lmish Hillari Klinton respublikachilar partiyasi vakili bo‘lgan raqibi Donald Trampni 3 punktga ortda qoldirmoqda. Bu Bloomberg agentligi o‘tkazgan so‘rovnoma natijalarida aks etgan.

So‘rovga ko‘ra, Klinton uchun saylovchilarning 44 foizi ovoz berishga tayyor. 41 foiz kishi esa Trampni qo‘llab-quvvatlaydi. Libertarianlar partiyasi nomzodi Geri Jonson uchun esa 4 foizlik saylovchi o‘z ovozini berishini bildirgan. Yashillar partiyasi vakili Jill Stayn 2 foizlik imkoniyatga ega.

O‘z navbatida NBC va Survey Monkey o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, Hillari xonim Trampdan 6 punktga oldinda bormoqda.

31 oktabrdan 6 noyabrgacha o‘tkazilgan so‘rovnomada saylash huquqiga ega bo‘lgan 70194 kishi ishtirok etgan.

AQSh prezidentligi uchun saylov 2 bosqichda o‘tkaziladi: avvaliga, 8 noyabr kuni saylovchilar barcha shtatlarda ovoz berishadi. 

Saylovlarda g‘alaba qozonish uchun ovoz beruvchilarning ko‘pchilik ovozi emas, balki 538 saylovchidan kamida 270 nafarining ovozi talab etiladi. Har bir shtat o‘z saylovchilarini belgilaydi, bunda barcha ovozlar umumxalq saylovi g‘olibiga beriladi.

Klinton 268 saylovchi ovoziga teng bo‘lgan shtatlarda yetakchilik qilmoqda. U prezident bo‘lishi uchun Nyu-Hempshir, Men, Minnesota, Virjiniya, Michigan, Pensilvaniya va Kolorado shtatlarida yetakchilikni saqlab qolishi lozim. Shuningdek, Florida, Ohayo, Nevada, Shimoliy Karolina va Ayova shtatlarida ham keskin kurash ketmoqda. Klinton bu shtatlardan birida yutib, katta ehtimollik bilan o‘ziga g‘alabani ta'minlaydi.

Trampda g‘olib bo‘lish uchun birgina yo‘l bor: u qanday bo‘lmasin 29 saylovchiga ega Florida (yo‘qsa deyarli mag‘lub bo‘ladi), Shimoliy Karolina, Nevada hamda Ohayo shtatlarida yutishi kerak. 

Bu holda Trampning Nyu-Hempshir yoki Michiganda g‘olib bo‘lishi Klintonni mag‘lubiyatga olib kelishi mumkin. Shuningdek, biror nomzod ham zarur bo‘lgan 270 ovozni to‘play olmaydigan holat, ya'ni 269:269 durang vaziyat ham yuz berishi mumkin. Bu holda yangi prezident taqdiri kongress quyi palatasida hal qilinadi. 

Shuningdek, hal qiluvchi shtatlardan birida ovozlarni qayta hisoblash ehtimoli ham mavjud. Bu vaziyatda g‘olibni aniqlash uchun haftalar talab etilishi mumkin va u Oliy sudda hal qilinadi. Shunga o‘xshash vaziyat 2000 yilda Kichik Jorj Bush va Albert Gor o‘rtasida yuzaga kelgan. Natijada Floridadagi ovozlar qayta hisoblangach, g‘alaba Bushga berilgan.

Mavzuga oid