Jahon | 09:59 / 16.11.2016
6002
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Xalqaro jinoyat sudining Afg‘oniston bo‘yicha hisoboti yuzasidan norozilik bildirdi

Arxiv surat

AQSh Xalqaro jinoyat sudining Afg‘oniston bo‘yicha hisoboti yuzasidan norozilik bildirdi. Hisobotga ko‘ra, amerikalik harbiylar va Markaziy razvedka boshqarmasi xodimlari Afg‘onistonda harbiy jinoyatlar amalga oshirganini taxmin qilishga barcha asoslar bor. AQSh Davlat departamenti rasmiy vakili Elizabet Tryudo jurnalistlar uchun matbuot-anjumanida Vashingtonning fikricha bunday tergovga umuman hojat yo‘qligini ma'lum qilgan. U shuningdek AQSh Rim maqomi deb ataluvchi Xalqaro jinoyat sudining (XJS) ta'sis etilishi haqidagi xalqaro shartnomada ishtirok etmaganini eslatib o‘tdi. 

"Biz XJS tomonidan AQSh xodimlarining Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha xatti-harakatlari yuzasidan tekshiruv yoki tergov o‘tkazilishi maqsadga muvofiq yoki o‘rinli bo‘ladi, deb hisoblamaymiz. Ta'kidlaganimizdek, AQSh Rim maqomida ishtirok etmaydi va XJSning sud qilish huquqini tan olmaydi", deb aytdi Tryudo. 

Sudning bosh prokurori Fatu Bensudaning hisobotida aytilishicha, "tekshiruv sudning sud qilish huquqiga taalluqli kamida quyidagi jinoyatlarga yo‘l qo‘yilganiga yetarlicha asos borligini ko‘rsatdi. Gap asosan 2003-2004 yillarda, ba'zi holatlarda 2014 yilgacha davom etgan, AQSh qurolli kuchlari tomonidan Afg‘onistonda va MRBning maxfiy turmalarida qiynoqlar qo‘rinishida amalga oshirilgan harbiy jinoyatlar  va odamlar bilan yomon muomalada bo‘lish kabi jinoyatlar haqida ketmoqda.

XJS prokuraturasi amerikalik harbiylar tomonidan Afg‘onistonda mahbuslar huquqlarining buzilishiga bir necha marotaba e'tibor qaratgan. Sudning o‘tgan yildagi hisobotida "jinoyatlar alohida shafqatsizlik va qiynoqlar qurbonlari sha'nini kamsitish maqsadida amalga oshirilgani" aytilgan.  
 

Mavzuga oid