Sport | 15:05 / 19.11.2016
14405
2 daqiqa o‘qiladi

Jahon chempionatining ilk kunida 5 nafar bokschimizdan g‘alaba

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi “Sibur Arena” majmuasida boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati (AIBA Youth World Boxing Championships) boshlandi, deb yozmoqda Olamsport.com nashri

17-18 yoshli bokschilar o‘rtasida tashkil etilayotgan jahon chempionatida dunyoning 75 davlatidan 402 nafar charm qo‘lqop ustasi 10ta vazn toifasida ishtirok etmoqda. Ular orasida O‘zbekiston terma jamoasi ham to‘liq tarkibda yurtimiz sport sharafini himoya qilyapti.

E'tiborlisi, jahon chempionatining ilk kuni ringga ko‘tarilgan 5 nafar bokschimizning barchasi raqiblarini katta ustunlik bilan mag‘lubiyatga uchratdi.

52 kg vaznda qatnashayotgan Otabek Xolmatov ilk jangida qirg‘izistonlik Fatxiddin Hamroyevdan 4:1 hisobida ustun keldi.

64 kg vazn toifasida ringga ko‘tarilayotgan hamyurtimiz Behruz Rahmonov ilk jangida ozarbayjonlik Baxtiyor Gazibayevga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Besh nafar hakamning barchasi bir ovozdan 5:0 hisobida Behruzning g‘alabasini ta'minlashdi.
69 kg vazndagi bokschimiz Ulug‘bek Sobirov ham xuddi shu hisobda zafar quchdi. U yaponiyalik raqibi Zen Kuroyanagini mag‘lubiyatga uchratdi.  

75 kg vazn toifasida o‘z imkoniyatini sinovdan o‘tkazayotgan Shohruzbek Rustamov ham jahon chempionatidagi ishtirokini g‘alaba bilan boshladi. U belaruslik Yagor Skamaroxni 5:0 hisobida yengdi.

81 kg vazndagi charm qo‘lqop ustamiz Sanjar Tursunov esa litvalik Vilandas Valchiukasni 5:0 hisobida mag‘lub etdi.

Mavzuga oid