Jahon | 17:56 / 02.12.2016
17474
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an Turkiya fuqarolarini dollarlarni liraga alishtirishga chaqirdi

Foto: © AP

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an mamlakat fuqarolarini valyutani turk liralariga alishtirishga chaqirdi. Bu holat milliy valyuta kursining dollarga nisbatan keskin tushib ketgani bilan bog‘liq. 

So‘nggi oyda lira dollarga nisbatan 11 foizdan ortiq darajaga tushib ketdi. Kuni kecha esa turk lirasi AQSh dollariga nisbatan tarixiy darajada qadrsizlandi – bir dollar uchun 3,50 lira. Pul birligi qiymati juma kuni ham tushishda davom etgan. 

“Valyutani yostiq tagidan olib, tilla, liralarga alishtirishga olib kelishsin. Turk lirasi va oltin narxlari ko‘tariladi. Xavotir olmang, yaqin orada bunday o‘yin tugatiladi”, - deya ma'lum qildi Erdo‘g‘an Anqaradagi chiqishida.

Shuningdek, davlat rahbari sarmoyadorlarni jalb qilish uchun bank foiz stavkalarini qisqartirishga ham chaqirdi. “Bu davlat banklariga ham foyda keltiradi. Turkiyada bu ko‘rsatkich 14-16 foizga teng bo‘lsa, AQSh, Yaponiya va Yevropada arzon foiz stavkalari o‘rnatilgan”, - qo‘shimcha qildi Turkiya prezidenti.

Liraning pasayishi Turkiyada hukmron bo‘lgan adolat va rivojlanish Partiyasining kelasi hafta parlamentga mamlakat konstitutsiyasiga prezidentlik boshqaruv formasiga o‘tish borasidagi taklifini kiritgani bilan bog‘liqligi aytilmoqda. 

Mavzuga oid