Jamiyat | 09:43 / 02.12.2016
37803
13 daqiqa o‘qiladi

Tinchlik haqida tafakkur qiling, barchasidan xotirjam tortasiz

Ma'lumki, insoniyat hayoti davomida turli mafkura va maslaklar o‘rtasidagi ziddiyat va qarama-qarshiliklarni boshidan kechirgan. Buning oqibatida o‘zaro kelishmovchiliklar, notinchliklar yuzaga kelib turgan. Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bog‘liqligi ayon bo‘ladi. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng katta ne'mat ekanligini ta'kidlab shunday deganlar:

“Ikki ne'mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. U-   xotirjamlik va sihat-salomatlik”. (Imom Buxoriy rivoyat qilgan). 

Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh ta'oloning behisob bo‘lgan buyuk ilohiy ne'matlaridan biridir. Qolaversa, barcha ezgu ishlar ro‘yobga chiqishining boisi ham osoyishtalikdadir. Shunday ekan, insonlar nafaqat mavjud tinchlikni qadriga yetib, shukrini ado etishlari balki, unga noshukrlik qilib putur yetkazishdan ham saqlanishlari lozim.

Tinchlik qaror topgan yurtda xotirjamlik hukm suradi, oqibatda, jamiyatda har tomonlama yuksalish va rivojlanish ro‘y beradi. Odamlarning o‘zaro bir-birlariga bo‘lgan ishonch va sadoqatlari, mehr va muruvvatlarining samimiy bo‘lishi ham asosan xotirjamlikka bog‘liqdir. Demak, dunyoda hayotning bir maromda davom etishi, xalqning Haq ta'olo buyurgan ishlarni mukammal va xotirjam ado etishlari uchun tinchlik va osoyishtalik lozim. Yaratgan Parvardigor Qur'oni karimda ana shu tinchlikni saqlash va qadrlash vazifasini inson zimmasiga yuklab, Islom dini tinchlikka targ‘ib qilishini, shaytoniy yo‘llarga ergashmaslik lozimligini ta'kidlab, shunday deydi:

“Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!...! (Baqara surasi, 208-oyat). Darhaqiqat, tinchlik mavzusi o‘ta muhim bo‘lganligi bois ham Qur'oni karim oyatlaridan o‘rin olgan. Arab tilidagi “salm”, “silm”, “salom”, va “islom” so‘zlari bir o‘zakdan chiqqan, turli ma'nodagi so‘zlar bo‘lsada, aynan bir maqsadga yo‘naltirilgandir.

Tinchlik va xotirjamlik – insoniyat bugun boshidan murakkab o‘zaro ziddiyatlarni kechirayotgan bir paytda suv va havodek zarurdir. Uning qadriga yetib, farzandlarimizni ham Yaratgan bergan bu tengsiz ne'matlarni qadrlamoqlari va asrab avaylamoq insoniyatning zimmasidagi burchi ekanligini tushuntirmoqligimiz kerak. Bu barcha payg‘ambarlar qatorida bizning ham Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning sunnati ekanligini yuqoridagi hadisdan bilib oldik. Islom tarixini o‘qir ekanmiz, unda insonni kimligi, nima uchun yaratilganligi, insonning zimmasiga nima vazifalar qilmoqligi yuklatilganligi, hayotda qanday inson bo‘lib yashashi kerakligi haqida berilgan tavsiyalar va ko‘rsatmalar bilan yaqindan tanishib chiqishimiz mumkin. Bu berilgan ne'matlarni qadriga yetishda va uni asrashda, bizga Payg‘amlarlarning otasi bo‘lgan, Ibrohim (a.v.) bu borada bashariyatga o‘rnak bo‘lganlar. Muqaddas dinimizning mo‘tabar manbasi Qur'oni Karimda Ibrohim (a.s.)ning Vatanlari bo‘lgan Makka haqiga qilgan duolarida biz o‘rganayotgan mavzumizning aynan tasdig‘idir. Shuningdek, Makka shahriga tinchlik va uning ahliga rizq so‘raganliklari so‘zimizning yorqin misolidir. Bu haqida shunday deyilgan:

“Eslang: Ibrohim: “Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin” (Baqara;126). Bu joyda Alloh ta'olo Payhg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ga o‘tgan ummatlarning payg‘ambarlarini hayotidan xabardor qilib, ummatlarini unga targ‘ib qilib, ulug‘ ne'matlar “Tinchlik” va “Xotirjam”likni qadrlab, asrab avaylab hayot kechirishga undamoqda. O‘sha vaqtdagi tarixga nazar tashlasangiz Makka tinch  shaharlardan bo‘lgan. Shunday bo‘lsada, bu tinchlikni doimo so‘rab duo qilish muhim ekanligiga dalolatdir. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) bilan sahobalar bir kuni suhbatlashib o‘tirganlarida, sahobalardan birlari Yo Rasululloh (s.a.v.) biz Alloh ta'olodan duo qilib so‘raganimizda ko‘proq nimani so‘raylik deb savol qilishganda, janobimiz, habibimiz Payg‘ambar (a.s.): “Alloh ta'olodan ofiyat (tinchlik, xotirjamlik)ni so‘ranglar” deb aytgan so‘zlari ham, insoniyat uchun bu ne'matlar nechog‘lik muhim ekanligiga dalolat beradi. Tinch bo‘lib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish esa, tinchlikni davomiy bo‘lishi uchundir. Bu xususida Qur'oni Karimda shunday deyilgan:

“Yana Robbingiz e'lon qilgan (bu so‘zlar)ni eslangiz: “Qasamki, agar (bergan ne'matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukurlik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir” deb marhamat qilgan. (Ibrohim – 8).

Mazkur oyati karimani tinchlik va xotirjamlik uchun nima dahli bor deb fikr qiladigan insonlarga dinimiz chiroyli javob bergan. Ya'ni biz yuqorida tinchlik ham ne'matlarning eng ulug‘i ekanligi haqida Payg‘ambarimiz  Muhammad (s.a.v.)dan hadisni eslab o‘tdik. Mazkur hadisga muvofiq bu buyuk ikki ne'mat bardavom bo‘lishi uchun ham insondan shukr va qadrlash talab etilar ekan. Tinchlik hukm surib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish esa, muqaddas dinimiz va davrimizning eng dolzarb sharafli vazifalaridan hisoblanadi. Inson kim bo‘lishidan qat'iy nazar, o‘zi yashab turgan, Alloh ne'mat qilib bergan Vatani, uning zilol suvlari, havosi, nozi ne'matlari va boshqa barcha sharoitlariga shukr qilib, uni ziyoda bo‘lishini so‘rab duo qilishi, Yaratganning, Vatanining, jamiyat va oilasi oldidagi sharafli burchidir.

Bugun dunyoda tinchligini va xotirjamligini yo‘qotgan mamlakat va u yurtlarda istiqomat qilayotgan insonlar hayotlari, ta'bir joiz bo‘lsa nurafshon nurni yo‘qotgan, zimiston ichida qolgan insonlarga o‘xshadi. Bu holatni ko‘rgan, eshitgan insonda bir alamlik dard paydo bo‘ldi. Bu holatlardan ko‘rib, eshitib turgan insonlar ibrat olib, xulosalar chiqarib, o‘zlari uchun in'om qilingan tinchlik va xotirjamlikni qadrlashlari, asrab avaylashlari lozim bo‘ladi.

Shuning uchun ham biz Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, xotirjamlikni saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj va hamlalardan, fitna va bo‘htonlardan himoya qilish, g‘arazli va manfur kimsalarning makr va puch g‘oyalariga uchmasdan, aldanmasdan, yosh avlodlarimizni ham ulardan xabardor qilib, islom madaniyatining (tinchlik, xotirjamlik, bag‘rikenglik, o‘zaro totuvlik, mehr-oqibat v.h.k.) ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etishni dolzarb vazifa sifatida bilib, ushbular asosida faoliyat olib bormoq lozim bo‘ladi. Shuningdek, muqaddas dinimizni niqob qilib, o‘zlarining g‘arazli maqsadlariga erishishga urinayotgan firqa va oqimlarga qarshi doimo sergak va hushyor turish zarurligini yodda tutmoq darkordir. Bu xususida Alloh ta'olo Qur'oni Karimning “Moida” surasida shunday degan:

“... Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” – deyilgan. (Moida – 2). Ushbu oyatga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, ezgu niyat yo‘lida hamkorlik qilish yer yuzida TINChLIK VA XOTIRJAMLIKni barqaror bo‘lishiga bosh omillaridan biri ekanligi targ‘ib qilingan.

Tinchlik va xotirjamlik – barcha davrlarda mamlakatlar, jamiyatlar, oilalarda yashagan insonlarning talab qilgan asosiy maqsadi bo‘lib kelgan. Bu ikki ne'mat uchun qilingan qancha harakatlar, xarajatlar ham so‘zimizga misoldir.

Tinchlik va xotirjamlik ne'matlari bashariyat uni saqlashlik uchun xoh qimmatli bo‘lsin, xoh arzon bo‘lsin barcha narsasini, aql-zakovat, mol-dunyo va kuch-quvvatini sarflashiga haqli bo‘lgan ulug‘ ne'matlardan ekani, buni bardavom bo‘lishi uchun uning sabablari, uni tutib turuvchi omillari va ustunlari ham bardavom bajarilishi lozim bo‘ladi.

Tinchlik va xotirjamlikni saqlash, uni qadrlash uchun insonlarni, yosh avlodni, erkak-ayollarni, xullas har bir shaxsni Allohning toatida, Allohga ma'siyat qilishdan qaytarish, bergan ne'matlarini qadrlash asosida tarbiyalash lozim bo‘ladi. Shuningdek, har bir inson o‘zining burchi va majburiyatlarini yaxshi bilishi va unga qat'iy amal qilishi dinimizning talab va tavsiyalaridandir.

Yuqorida ta'kidlab o‘tganimiz kabi, inson uchun tinchlik va xotirjamlik zarur va bu muqaddas dinimizning, davrimizning talabidir. Bu xususida Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) yana bir hadislarida shunday deganlar:

“Kim oilasi tinch, jasadi salomat va huzurida bir kunlik taomi bor holatda tong ottirsa, unga dunyo to‘lig‘icha berilibdi”. (Imom Buxoriy “Al-adab al-mufrad” kitobida rivoyat qilgan).

Jahonda ro‘y berib turgan notinchliklar, kishini dilini xufton qiladigan holatlar, bo‘lib turgan turli voqea va hodisalardan g‘aflatda qolishga hech kimning haqqi yo‘q. Mamlakatlarni, jamiyatni, oilalarni, insonni halokat va falokatga uchratadigan eng yomon musibatlardan biri bu – beparvolik, g‘aflat, loqaydlik va shunga oid yomon hislatlardir. Bu insonlarga ko‘rinmaydigan illatlardan, kasalliklardandir desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shuning uchun ham jannatmakaon Vatanimiz fuqarolari, barcha-barchamiz mazkur yomon hislatlardan chiqishimiz lozim va lobuddir.

Dinimiz beparvolik, g‘aflat, loqaydliklardan qat'iy qaytarib, u kabi illatlarga tushmaslikka targ‘ib etgan.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, dinimizning tinchlik va xotirjamlikka bo‘lgan e'tibori nechog‘lik katta, hamda bag‘rikenglik uning negizi ekanligi yaqqol nomoyon bo‘ladi. Inson o‘zidagi ne'matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne'matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanligini o‘ylab ko‘rish bilan biladi. Bu esa yanada ko‘proq Allohga shukr qilishga undaydi. Ne'matning bardavom bo‘lishi, uning shukrini ado etilishiga bog‘liqdir. Tinchlik va xotirjamlik ana shunday amaliy shukr talab qiladigan ne'matlardandir. Bu ne'matning shukrini ado etish barchaning zimmasiga farzdir. Yoshi ulug‘ nuroniy otaxon va onaxonlarimiz ushbu ikki ulug‘ ne'matning mustahkamligini so‘rab duo qilishlari, yoshlar o‘zlarining halol mehnatlari, uni himoya qilish uchun astoydil bel bog‘lashlari bilan bu ne'matning shukrini ado etgan bo‘lamiz. Shu bilan birga davrimiz va muqaddas dinimizning talab va tavsiyalarida amalga oshirgan bo‘lamiz.

Alloh taolo Yurtimiz tinchligi va xotirjamligini barqaror va bardavom, xalqimizning hayotini faravon qilsin.

 

Isomiddin Ahrorov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi xodimi,
«Oqilon» jome masjidi imom-xatibi

 

Mavzuga oid