Jahon | 20:52 / 07.12.2016
21466
3 daqiqa o‘qiladi

Bloomberg 2017 yilda dunyoni kutayotgan bosh xatarlarni ma'lum qildi

© AP Photo/Gerry Broome

AQSh prezidenti etib saylangan Donald Trampning tashqi siyosati va Yevropa davlatlaridagi saylovlar 2017 yilda dunyo barqarorligiga putur yetkazuvchi bosh xatarlar hisoblanadi. Bunday xulosaga Bloomberg agentligi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovda ishtirok etgan iqtisodchilar keldilar. Bu so‘rov natijalari 7 dekabrda chop etildi. So‘rov ishtirokchilari mumkin bo‘lgan xatarlar orasida Rossiya tashqi siyosatini 3-o‘ringa qo‘ydilar. 

So‘ralganlarning 38 foizi Tramp ma'muriyati siyosatini dunyo ishlaridagi xatar manbai sifatida aytishdi. Yana 38 foiz so‘ralganlar Germaniya, Niderlandiya va Fransiya kabi davlatlarda parlament va prezidentlik saylovlarini xatarlar manbai sifatida qayd qilib o‘tishdi. 16 foiz so‘ralganlar Rossiya tashqi siyosatini dunyo barqarorligiga xavf soluvchi bosh xatar deb aytishdi.

Mutaxassislarning fikricha, Niderlandiya saylovlarda populistlar (elitalarga qarshi chiquvchi) muvaffaqiyat qozonishi mumkin bo‘lgan davlat bo‘ladi: mutaxassislardan 29 foizi Gert Vildersning o‘ta o‘ng Ozodlik partiyasi Niderlandiya parlamentiga saylovlarda g‘alaba qozonishini taxmin qilishmoqda. 18 foiz so‘ralganlar Buyuk Britaniyada quyi palataga muddatdan avval saylovlar o‘tkazilishi mumkinligini aytishmoqda. Shuningdek 14 foiz so‘ralganlar Londonning Yevropa Ittifoqidan chiqishdan bosh tortishini taxmin qilishmoqda. 14 foiz so‘ralganlar Bundestagga saylovlar natijalariga ko‘ra Angela Merkel Germaniya kansleri lavozimini tark etishini taxmin qilishmoqda.

Mutaxassislardan 66 foizi Donald Tramp tomonidan AQShda jismoniy shaxslar va kompaniyalar uchun yuqori soliq stavkasining kamaytirilishi mumkinligini aytishmoqda. 12 foiz so‘ralganlar AQShning Erkin savdo haqidagi Shimoliy Amerika kelishuvidan chiqishini aytishmoqda. 9 foiz mutaxassislar AQShdan 2-3 mln noqonuniy muhojirlar chiqarib yuborilishi mumkinligini, 8 foiz mutaxassislar esa AQSh va Meksika chegarasida devor qurilishini taxmin qilishmoqda. 

"Siyosiy xatarlar 2017 yil uchun katta muammo hisoblanadi. Hozirda vujudga kelayotgan ko‘plab muammolar bizga 1930-yillarni eslatmoqda", deb Commerzbank’ning nemis iqtisodchisi Piter Diksonning aytgan so‘zlarini keltirib o‘tmoqda Bloomberg. Mutaxassis o‘sha vaqtda yuz bergan va hozirda kuzatilayotgan Atlantikaning ikki tomonidagi moliyaviy inqiroz, iqtisodiyotda proteksionizmning va siyosatda populizmning o‘sishiga ishora qilmoqda. "Biz bu muammolarga bepisand qaramasligimiz kerak, bularning barchasi nima bilan yakunlanganini bilamiz va xatarlarni hanuzgacha qabul qilganimizdan ko‘ra jiddiyroq qabul qilishimiz kerak", deb hisoblamoqda Dikson.

Bloomberg so‘rovi 18-29 noyabrda o‘tkazilgan va unda 146 iqtisodchi ishtirok etgan.

 

Mavzuga oid