Fan-texnika | 13:15 / 31.12.2016
10072
5 daqiqa o‘qiladi

Yilning texnologiya sohasidagi eng muhim shartnomalari

2016 yil bir qator muhim shartnomalarga boy bo‘ldi. vc.ru ularning orasidan eng muhimlariga oid ma'lumot bilan bo‘lishdi. 

Facebook va MSQRD

2016 yilning mart oyida Facebook Belarusning MSQRD ilovasini ishlab chiqqan Masquerade Technologies kompaniyasini xarid qilishi haqida e'lon qildi. MSQRD servisi 2015 yilning dekabrida ish boshlagan bo‘lsa, ikki oydan biroz ko‘proq vaqt ichida 10 milliondan ortiq foydalanuvchiga ega bo‘ldi. 

Natijada MSQRD asoschilari Yevgeniy Nevgen, Sergey Gonchar va  Yevgeniy Zatepyakin Facebook'ning Londondagi idorasiga ko‘chib o‘tishdi. Shartnoma qiymati oshkor etilmadi. 

Verizon va Yahoo, AT&T va Time Warner

Amerikaning Verizon operatori 2016 yilning iyulida Yahoo internet-xoldingining asosiy biznesini xarid qilishi haqida e'lon qildi. Shartnoma natijalariga ko‘ra, telekom-kompaniya Yahoo qidiruv xizmatini AOL xoldingi bilan birlashtirishni rejalashtirdi. 

2016 yil oxiriga kelib, bu shartnoma hali-hanuz yopilmagan edi - Bloomberg ma'lumotlariga ko‘ra, Yahoo foydalanuvchilari ma'lumotlariga buzib kirilganlik haqidagi xabarlar tarqalgandan keyin Verizon yo internet-kompaniya bahosini pasaytirishga qaror qildi, yoki xariddan butkul voz kechdi. 

2016 yilning oktabrida AT&T telekommunikatsiya kompaniyasi shunga o‘xshash shartnoma haqida e'lon qildi - u Time Warner konglomeratini 85,4 milliard dollarga xarid qilishga kelishib oldi. Shartnoma yakunlariga ko‘ra, xaridor HBO, Warner Bros. va CNN kabi brendlar nazoratini qo‘lga kiritdi. 

Microsoft va LinkedIn

LinkedIn "professional" ijtimoiy tarmog‘i Microsoft korporatsiyasining bir qismiga aylandi - kompaniyalar bu haqida 2016 yilning iyun oyida e'lon qilishdi. O‘shanda shartnoma qiymati 26,2 milliard dollarni tashkil qildi, u 2016 yilning dekabriga kelibgina to‘liq yopildi. 

Xarid haqidagi e'lon vaqtida Microsoft rahbari Satya Nadella LinkedIn xaridi kompaniyaga biznes-jarayonlarni tashkillashtirish va samaradorlik sohasida mahsulotlarni taraqqiy ettirish imkonini berishini ta'kidladi. Microsoft mazkur shartnoma Yevroittifoq tomonidan tasdiqlanishi uchun LinkedIn ilovalarini Windows bilan birga qo‘ymaslikka va'da berdi, u raqib-ijtimoiy tarmoqlarga xavf tug‘dirmaslik uchun shunday qilishiga to‘g‘ri keldi. 

Microsoft va Nokia

2016 yilning may oyida Microsoft o‘zining tugmali telefonlar yaratishga oid biznesini FIH Mobile kompaniyalariga sotishga qaror qildi. Shunda kompaniya Nokia qurilmalari brendi Finlyandiyaning HMD Global'iga topshirilgani haqida ma'lum qildi - u Android boshqaruvi ostidagi bir qator Nokia smartfonlarini ishlab chiqarish rejasidan voqif qildi. 

Shartnomaning umumiy qiymati 350 million dollarni tashkil etadi. Microsoft rasman smartfonlar va Windows 10 operatsion tizimi bilan shug‘ullanish niyatidan qaytmadi, biroq bundan keyin boshqa ishlab chiqaruvchilar bilan faolroq hamkorlik qilishi haqida ma'lum qildi - masalan, Acer, Alcatel va HP.

2016 yilning dekabrida HMD Global kompaniyasi Nokia brendi ostida kam funksiyali va katta  zaxirali batareya bilan ta'minlangan ikki yangi tugmali telefonini namoyish qildi. Ma'lumotlarga ko‘ra, yangi Nokia smartfoni 2017 yilning boshida taqdim etiladi. 

Uber China va Didi Chuxing

2016 yilning avgustida Uber avtomobil buyurtma qilish servisi Xitoydagi Uber China bo‘limi asosiy mahalliy raqib - Didi Chuxing kompaniyasi nazoratiga o‘tishi to‘g‘risida e'lon qildi. Buning evaziga Uber Didi kapitalining 5,89 foiziga ega bo‘ldi.

Uber rahbari Trevis Kalanik shartnoma ikki kompaniyaga ham "dadil tashabbuslar"ga resurslarni bo‘shatish imkonini beradi. Kompaniya Xitoyda Didi Chuxing bilan raqobatga taxminan 1 milliard dollar sarfladi.

Google va Api.ai

2016 yilning sentabrida Google Rossiyaning Api.ai kompaniyasini qo‘lga kiritishi haqida e'lon qildi. Startap turli qurilma va ilovalarga ovozli interfeys kiritish texnologiyasini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Google va Api.ai o‘rtasidagi shartnoma qiymati oshkor etilmadi. 

Mavzuga oid