Light | 09:30 / 02.01.2017
57472
9 daqiqa o‘qiladi

Aql salohiyatini oshirishning 10 samarali usuli

Intellekt darajasini oshirish va miyani ishlashga majburlash o‘ylaganingizdan-da osonroq. Layfxaker nashri sizga aql salohiyatini oshirishning 10 oddiy, ilmiy sinalgan usulini taqdim etadi. 

 

1. Miyani ishlating

Agar siz hech bo‘lmaganda bir marta hozirgidan-da aqlli bo‘lish mumkinligi haqida o‘ylab ko‘rgan bo‘lsangiz, juda yaxshi. Intellektual xususiyatlarni rivojlantirishga oid fikr-mulohazalar maqsadga erishish yo‘lidagi ilk qadamdir.

Qiziquvchan bo‘ling, doimo yangi bilimlar orttiring, o‘zingizni qiziqtiruvchi jarayonlarni o‘rganing, tushunarsiz narsalarning tubiga yeting. Shunda atrofingizda o‘rganilmagan qancha narsalar borligini ko‘rib hayratlanasiz. 

Nima qilish kerak?

Miyani foydali ish bilan band qiling, biror yangi mashg‘ulot bilan shug‘ullaning. Yangi ko‘nikmalarga ega bo‘lish aqliy faoliyatingizda ijobiy aks etadi.

 

2. Kitob o‘qing

O‘qish nafaqat so‘z boyligi va dunyoqarashni kengaytiradi, balki tasavvurni rivojlantirishga ham yordam beradi. Kitob mutolaa qilayotganimizda biz yangi dunyoga sho‘ng‘ib ketamiz. Agar siz hissiy intellektingizni oshirmoqchi bo‘lsangiz, yaxshi kitoblarni ko‘proq o‘qing. Bu miya faoliyatini yaxshilashning eng samarali usullaridan biridir. 

Nima qilish kerak?

Kutubxonaga a'zo bo‘ling, onlayn kitoblarni o‘qish mumkin bo‘lgan servisga yoziling, anchadan beri o‘qishni niyat qilgan kitoblaringiz ro‘yxatini tuzing. O‘z oldingizga har oyda bittadan kitob o‘qishni maqsad qilib qo‘ying. 

 

3. Hissiyotlarga erkinlik bering

His-tuyg‘ularimizni nazorat qilishga yordam beruvchi hissiy intellekt mavjud, shuningdek tizimli fikrlashimizga javobgar ratsional intellekt bor. Qoidaga ko‘ra, ko‘proq ratsional intellektga e'tibor qaratiladi, biroq buni esa to‘g‘ri deb bo‘lmaydi. 

Hissiy intellekt haqida ham unutmaslik kerak, zero u doimiy o‘zgarishlarga moslashish va muammolarni operativ hal qilishga yordam beradi. 

Nima qilish kerak?

Hissiyotlaringiz haqida gapirishdan qo‘rqmang. Ishda yoki uyda nimadandir norozi bo‘lsangiz, atrofingizdagilar bu haqida qisman xabardor bo‘lishlari kerak, shunda oldingizdagi muammoni birgalikda hal qilish imkoni paydo bo‘ladi. Muammo yechimi har doim ham topilavermaydi, albatta, biroq siz o‘zingizga ziyon  yetkazuvchi his-tuyg‘ularni ichingizda saqlab o‘tirmaysiz. 

 

4. Kundalik harakatlarga o‘zgarish kiriting

Bu usul kimgadir bema'ni tuyulishi mumkin bo‘lsa-da,  samaralidir. Tishlaringizni odatda ko‘nikkan qo‘lingiz bilan emas, boshqasi bilan tozalashga urinib ko‘ring. Kompyuter sichqonchasini boshqa qo‘lda ishlatib ko‘ring. Uddalay olasizmi?

Kundalik harakatlarimizga o‘zgarishlar kiritsak, miyamiz o‘zgarishlarni inobatga olgan holda, qanday qilib xuddi avvalgidek natijaga erishish mumkinligi haqida o‘ylashga majbur bo‘ladi. Bu miya faoliyatiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi. 

Nima qilish kerak?

Miyangizni kutilmagan qarorlar qabul qilishga majburlang. Ishga yangi yo‘nalishdan boring, notanish shaharda xaritalar bo‘yicha harakatlanishni o‘rganing, do‘stlaringiz bilan xorijiy tilda suhbatlashing. 

 

5. Qidiruv xizmatlarini tinch qo‘ying

Biz deyarli har kuni qandaydir yangi ma'lumotlarni qidiramiz, bunga naqadar oson erishayotganimiz va ularning miyamizdan naqadar tez chiqib ketishi haqida esa hatto o‘ylab ham o‘tirmaymiz. Bor-yo‘g‘i ikki klikni amalga oshirasiz - qarabsizki, javob tayyor. 

Internet — kerakli ma'lumotni topishning eng oddiy usuli, albatta. Biroq u bizning miyamizni juda yalqov qilib qo‘yadi, chunki bilmagan narsamiz haqida bosh qotirib o‘tirishga hojat qolmaydi. 

Nima qilish kerak?

Qidiruv xizmatlari, tarjimon ilovalar, konverterlar va kalkulyatorlardan vaqtinchalik foydalanmaslikka harakat qilib ko‘ring. Hisob-kitoblarni miyangizda bajarishga urinib ko‘ring yoki yuzaga kelgan savollarga javoblarni kitoblardan qidiring. Ha, bu ancha ko‘p vaqt oladi, biroq miyani ishlatishga, sizni esa - ma'lumotlarni eslab qolishga majbur qiladi.

 

6. Intellektual o‘yinlar o‘ynang

Miya faoliyatini rag‘batlantiruvchi o‘yinlar va dasturlar odatda nevrapatologlar va kognitiv psixologlar tomonidan miyaning muayyan bo‘limi faoliyatini yaxshilash maqsadida ishlab chiqiladi. O‘yinlarning turi ko‘p: biri xotirani mustahkamlaydi, boshqasi esa - diqqatni jamlaydi, uchinchisi kenglikdagi yo‘nalishni yaxshilaydi.

Nima qilish kerak?

Xotirangizni mustahkamlamoqchimisiz? Turli ketma-ketliklarni eslab qolishga yordam beradigan o‘yinlarni o‘ynang. Kuzatuvchanlik qobiliyatini rivojlantirmoqchimisiz? Har xil buyumlarni qidirish talab qilinadigan o‘yinlarni o‘ynang. Miyani rivojlantirish usulini o‘zingiz tanlab olishingiz mumkin. 

 

7. O‘zingiz bilan o‘zingiz suhbatlashing

Ko‘pchilik insonning o‘zi bilan o‘zi suhbatlashishi ruhiy beqarorlikka ishora qiladi, deb hisoblaydi. Biroq yaqinda buning aksi ekanligi isbotlandi - bunday suhbatlar miya faoliyatini rag‘batlantirar ekan. 

O‘zingiz bilan o‘zingiz suhbatlashganingizda ma'lumotni tizimlashtirish va soddalashtirishga o‘rganasiz, bu esa muammolarni yanada samarali hal qilishga yordam beradi. Albatta, jamoat joylarida o‘zingiz bilan suhbatlashish maqsadga muvofiq emas, lekin uyda bemalol shunday qilishingiz mumkin. 

Nima qilish kerak?

Ovozingizni chiqarib o‘qing, tez aytish ayting, she'r yodlang yoki qo‘shiq kuylang. Agar biror narsani eslab qolishga urinayotgan bo‘lsangiz, u holda buni o‘zingizga go‘yoki birovga tushuntirayotgandek singdiring. Ma'lumotni turli yo‘llar bilan yetkazing: xuddi hamkasbingiz yoki bola bilan suhbatlashayotgandek. Bunday texnika ma'lumotni yanada  yaxshi o‘zlashtirish va tushunish imkonini beradi. 

 

8. Fikrlaringizni qisqa bayon etishni o‘rganing

Bunda sizga ijtimoiy tarmoqlar yordam berishi mumkin. Masalan, Twitter tarmog‘ida qoldiradigan yozuvingiz 140 belgidan oshmasligi kerak. Buni qarangki, Twitter'dan foydalanib, o‘z fikrlarimizni aniq va qisqa bayon qilish hamda ma'lumotni tizimlashtirishni o‘rganar ekanmiz. 

Nima qilish kerak?

Twitter'ga a'zo bo‘ling, bir varaq qog‘oz toping yoki telefondagi yozuvlar ilovasini oching va o‘z fikrlaringizni unga tushiring. Siz bu ish bilan istagan vaqtingizda shug‘ullanishingiz mumkin, bu biroz bo‘lsa-da chalg‘ishingizga yordam beradi. 

 

9. Tillarni o‘rganishga kirishing

Til o‘rganayotganimizda miyamiz faol ishlaydi: yangi so‘zlarni eslab qolish davomida biz xotiramizni mustahkamlaymiz, avval qilmagan narsalarimizga urinib ko‘ramiz, boshqa tilda fikrlashga harakat qilamiz. Bularning barchasi dunyoga boshqacha ko‘z bilan qarash imkonini beradi. 

Bir necha tilda suhbatlashuvchi kishining miyasi birgina tilda so‘zlashuvchilarnikiga nisbatan ancha samaraliroq ishlaydi. 

Nima qilish kerak?

Xorijiy tillarni oson va qiziq o‘rgatadigan servis va ilovalarni toping. Bugungi kunda yangi tilni o‘rnishga yordam beruvchi resurslar ko‘p. Suhbat ko‘nikmalarini mashq qilishni unutmang va albatta shu tilda suhbatlasha oladigan insonni toping - u bilan suhbatlashib yoki xat yozishib ko‘nikmalaringizni oshirasiz. 

 

10. Aqlli insonlar bilan ko‘proq muloqot qiling

Atrofimizdagi insonlar ba'zan bizga o‘zimiz istaganimizdan-da ko‘proq ta'sir o‘tkazishadi. Shu bois sizga tushunarsiz bo‘lgan masalalarda yordami tegishi mumkin bo‘lgan insonlar bilan do‘st tutining. 

Nima qilish kerak?

Muloqot doirangizni kengaytiring va sizlarni ezgulikka chorlashi mumkin bo‘lgan kishilar bilan tanishing. O‘z qiziqishlaringizdan kelib chiqib, biror bir mashg‘ulot bilan shug‘ullaning va u yerda ham do‘stlar orttiring.

Mavzuga oid