O‘zbekiston | 17:20 / 05.01.2017
18857
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda mustaqil xalqaro arbitraj sudi paydo bo‘lishi mumkin

Vazirlar Mahkamasi O‘zbekistonda xalqaro tijoriy arbitraj instituti tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bu loyiha Savdo-sanoat palatasi tomonidan ishlab chiqilgan va ayni vaqtda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga muhokama uchun joylashtirilgan.

"Arbitraj sudining asosiy tamoyillari hakamlarning mustaqilligi va xolisligi, arbitraj hukmining yakuniyligi va majburiyligi, tomonlarning teng huquqligi hamda arbitraj ishlarida ko‘rilgan ma'lumotlarning sir saqlanishidir", — deyiladi hujjatda.

Bu orqali mahalliy shirkatlarning xorijiy hamkorlar bilan chiqadigan nizolarini hal qilishning samarali mexanizmini yaratish imkoniga erishish mumkin bo‘ladi.

Hujjatda qayd etilishicha, arbitraj sudini hukumat va boshqaruv organlari tashkil etishi mumkin bo‘lmaydi. Arbitraj sudi tarkibi 25 yoshdan kichik bo‘lmagan O‘zbekiston va xorijiy davlatlar fuqarolari yoxud fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan tarkib topishi mumkin.

Hujjatda arbitraj jarayonining barcha bosqichlari — tomonlarning arbitraj shartnomasining tuzishi, arbitraj qarorini ijro etishda uning shartlari, tan olinish tartiblari va o‘tkazilishi bo‘yicha reglamentlar ko‘zda tutilgan.

Qonun loyihasi muhokamasi yanvar oyining birinchi yarmida tugallanadi va qonun apreldan kuchga kirishi mumkin.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston xorijiy investorlar bilan chiqadigan nizolarni hal qilishda 1965 yilda qabul qilingan Vashington konvensiyasiga amal qiladi. O‘zbekiston ratifikatsiya qilgan mazkur konvensiyaga binoan xorijiy sarmoyador bilan davlat o‘rtasida chiqadigan nizolar yuzasidan tomonlar qarorgohi Vashingtonda joylashgan Qayta qurish va taraqqiyot Xalqaro banki qoshidagi arbitraj sudiga yoki boshqa xalqaro hakamlik sudlariga murojaat qilish huquqiga ega.

Bunda, albatta, har qanday nizo xalqaro arbitrajda ko‘rib chiqlishiga oid band tomonlar imzolagan shartnomada tegishli tarzda belgilangan bo‘lishi kerak. Yoki nizolashuvchi tomonlar, nizo xalqaro arbitrajda hal qilinishiga yozma tarzda rozilik berishlari kerak.

Xalqaro arbitraj sudiga murojaat qilgan xorijiy shirkatlarga Britaniyaning Oxus Gold, Isroilning Metal-Tech, Hindistonning Spentex Industries Ltd., Janubiy Koreyaning Kabool textiles kabi shirkatlarini misol qilish mumkin.

Sobiq Ittifoq davlatlari orasida Xalqaro tijorat arbitraji tizimlari Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Belarus, Ukraina kabi mamlakatlarda tashkil qilingan.

Mavzuga oid