Dunyoning eng g‘aroyib 10 aeroporti
Muhandislarning ajoyib g‘oyalari asosida yaratilgan dunyoning eng g‘aroyib 10 aeroporti ro‘yxati taqdim etildi. Don't Panic ajabtovur dunyo aeroportlarining ro‘yxatini tuzishda quyidagilarga e'tibor qaratdi: qo‘nish chizig‘ining uzunligi va shakli, joylashuv va qo‘shimcha funksional. Ma'lum bo‘lishicha, dunyoda ham avtomobillar yo‘li, ham golf maydoni vazifasini o‘tashi mumkin bo‘lgan aeroportlar talaygina ekan. Shunga qaramay, bu aeroportlar barcha mamlakatlardan qatnovchi muntazam reyslarni qabul qilib, muvaffaqiyatli xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Kurshevel Xalqaro Aeroporti, Fransiya
Samolyotni 525 metr uzunlik va 18,5 foiz qiyalikdagi qo‘nish chizig‘iga qo‘ndirish uchun ancha jasorat kerak bo‘ladi. Aeroport o‘zining "bukur" shakli va juda qisqa masofali qo‘nish yo‘lagi tufayli Ginnesning rekordlar kitobidan o‘rin olgan. Hech narsadan xabari yo‘q aviayo‘lovchilar tog‘larning betakror manzarasiga maftun bo‘lib o‘tirgan bir vaqtda uchuvchilar mashaqqatli vazifani bajarishadi. Qo‘nish haqiqatda favqulodda vaziyatlarda bajariladi, chunki yo‘lakning oxiri ko‘rinmaydi, buning ustiga qiyalikda parvoz qilishga to‘g‘ri keladi.
Gibraltar Xalqaro Aeroporti
Gibraltar Xalqaro Aeroporti - dunyodagi eng noyob aeroportlardan biri. Uning qo‘nish yo‘lagi nafaqat bir necha yuz metr dengiz tomon yo‘naladi, balki avtomobil yo‘li bilan ham kesishadi. Samolyotlar uchayotgan yoki qo‘nayotgan vaqtda avtomobillar va yo‘lovchilar harakati svetoforlar hamda to‘siqlar yordamida to‘xtatiladi. Aholi baxtiga, aeroport haftasiga 30dan kam reyslarga xizmat ko‘rsatadi. Uinston Cherchill prospekti - serqatnov yo‘l, chunki u mamlakatni qo‘shni Ispaniya bilan birlashtiradi. Transport infratuzilmasining bu qadar tirbandligiga Gibraltarning hududi kichikligi sababdir, zero u maydoni 6,5 kvadrat kilometr bo‘lgan yarim orol hududida joylashgan.
Malika Yuliana aeroporti, Muqaddas Martin oroli
Ushbu aeroport qo‘nish yo‘lagining oxiri dengiz qirg‘og‘i, Maxo sohiliga borib taqaladi. Shunday ekan, havo kemalari sohilda dam olayotgan sayyohlar boshi uzra 10-20 metr balandlikda uchib o‘tadi. Aeroport Niderlandiya malikasi Yuliana sharafiga shunday nomlangan. Malika aeroport ochilganidan bir yil keyin bu yerda bo‘lgan.
Svalbard aeroporti, Shpitsbergen, Norvegiya
Shpitsbergen qutb arxipelagiga xizmat ko‘rsatuvchi asosiy aeroport hisoblanadi. U eng yirik aholi punkti va Norvegiyaning Svaalbard provinsiyasidagi Longyir ma'muriy markazida joylashgan. U - Platoberg tog‘i etagida bo‘lib, Longyirdan shimoli-g‘arb tomon 3 kilometr narida. Svalbard dunyodagi eng shimoliy fuqarolik aeroporti hisoblanadi.
Xuancho-Iraskuin aeroporti, Antil orollari
Asosiy mezon - qo‘nish yo‘lagining uzunligi bo‘yicha Saba orolining Xuancho — Irauskin aeroporti dunyodagi eng xavfli aeroport hisoblanadi. Qo‘nish chizig‘ining uzunligi - 400 metrdan kam bo‘lib, uning atrofi qoyalar va dengizlardan iborat. Bu hududdagi shamol vaziyatni yanada murakkablashtiradi - Saba oroli kuchli shamol esuvchi orollar sirasiga kiradi, boz ustiga shamollar o‘z yo‘nalishini muntazam ravishda o‘zgartiradi. Aynan shu sabab aeroport xususiy reyslar uchun yopiqdir. Bu yerda faqat «Windward Islands Airways» mahalliy aviakompaniyasining maxsus o‘rgatilgan uchuvchilargina qo‘nishni amalga oshira olishadi.
Barra, Shotlandiya
Barra aeroporti — qumli qo‘nish yo‘lagiga ega noyob aeroport. U dunyoning eng xavfli 10 aeroporti sirasiga kiradi. Aeroport Shotlandiyadagi Barra orolining shimoliy burchagida, Tray Mor keng ko‘rfaz qirg‘og‘ida joylashgan. Suv oqimi aeroport faoliyatini uzib qo‘yadi. Aeroport tunda foydalanishga to‘g‘ri kelmaydi (faqat favqulodda parvozlar amalga oshirilishi mumkin).
Hongkong Xalqaro Aeroporti
Aeroport 1998 yilda tijorat maqsadlarida foydalanish uchun ochilib, Kai Tak aeroportining o‘rnini egallagan. U muhim mintaqaviy yuk transport markazi, yo‘lovchi xabi va Xitoy, Sharqiy va Janubi-sharqiy Osiyoga yo‘l ochuvchi havo darvozalariga aylantirildi. Nisbatan qisqa tarixga ega bo‘lishiga qaramay, Hongkong Xalqaro Aeroporti bir necha marotaba dunyoning eng yaxshi aeroporti sifatida xalqaro mukofotlarni qo‘lga kiritgan. Aeroportning noyobligi shundaki, uning hududida golf maydoni ham joylashgan.
Tonkontin Xalqaro Aeroporti, Honduras
Tonkontin aeroportining dengiz sathidan bir necha yuz metr balandlikdagi qo‘nish yo‘lagi haddan tashqari qisqa. Uning uzunligi atigi 1800 metrni tashkil qiladi. Tog‘li manzara og‘ushida qo‘nish yo‘lagi zigzagni yodga soladi. Bu yerning uchuvchilaridan biri shunday deydi: "GPS-navigator ixtirosi tufayli biz tog‘lar orasidan mo‘ljal olish imkoniga ega bo‘ldik. Yo‘lakka qo‘nish uchun uchuvchilar so‘nggi soniyalarda 45 darajali keskin burilishlarni amalga oshirishlariga to‘g‘ri keladi.
Qirol Faxd Xalqaro Aeroporti, Saudiya Arabistoni
Aeroport infratuzilmasi 1990 yilda qurilgan bo‘lsa-da, u tijorat parvozlari uchun 1999 yilning 28 noyabrida ishga tushirildi. Aeroport yo‘lovchilar foydalanishi uchun noqulay bo‘lganligi uchun ko‘pchilik Bahrayn Xalqaro Aeroportini ma'qul ko‘rardi. Biroq endi yo‘l tarmog‘i taraqqiy etdi va yo‘lovchilar oqimi ko‘paydi. Shunday bo‘lsa-da, aeroport mavjud imkoniyatlaridan to‘liq foydalanmaydi, zero uning maydoni aeroport uchun rekord hudud - taxminan 500 kvadrat kilometrni egallagan.
Makao Xalqaro Aeroporti
Aeroportning qo‘nish yo‘lagi dengizning sun'iy sathida, Tayp oroli yaqinida barpo etilgan. Asosiy terminal va havo harakatini boshqarish inshootlari Tayp orolida joylashgan. Qo‘nish yo‘lagi ikki yo‘l orqali perronga bog‘langan.
Mavzuga oid
21:10 / 10.11.2024
Toshkentdan Jiddaga uchgan samolyot ortga qaytishga majbur bo‘ldi
16:52 / 07.11.2024
O‘zbekistonning 23 ta oliygohi Osiyo universitetlari reytingiga kirdi
12:02 / 02.11.2024
Myunxendan Shanxayga uchayotgan samolyot Toshkentga favqulodda qo‘ndi
11:56 / 02.11.2024