Fan-texnika | 18:45 / 17.01.2017
12577
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyoning eng innovatsion iqtisodiyotlari reytingi taqdim etildi

Foto: Reuters

Bloomberg dunyoning eng innovatsion iqtisodiyotlari reytingini taqdim etdi. Reyting tuzishda Bloomberg ekspertlari yetti mezonga asoslanishdi - tadqiqotlarga ketgan xarajatlar, YaIMning foizlardagi ishlanmasi, YaIMdagi texnologik ishlab chiqarish qiymati, sanoatdagi samaradorlik, mamlakatdagi yuqori texnologiyalar sektoridagi kompaniyalar soni, xizmatlar ko‘lamining rivojlanganligi, professional tadqiqotchilar va patentlar soni.

Ushbu reytingda g‘oliblikni qo‘ldan boy bermagan Janubiy Koreya yana birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.

Ikkinchi o‘rin ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari yaxshilangan Shvetsiyaga nasib etdi, mamlakat o‘tgan yilgi natijaga nisbatan bir pog‘ona yuqoriladi.

Uchinchi o‘rinni Germaniya egalladi, mamlakat bu yil Shvetsiyadan farqli o‘laroq, bir pog‘ona pastladi.

Shveytsariya bir pog‘onaga ko‘tarilib, to‘rtinchi o‘ringa munosib ko‘rildi.

Ikki pog‘ona ko‘tarilgan Finlyandiya esa bu yilgi reytingda beshinchi o‘rinda qayd etildi.

Singapur o‘z o‘rnini saqlab qolib, bu yil ham oltinchi o‘rinni band etdi.

Yaponiya o‘tgan yilgi pozitsiyasini yo‘qotib, uch pog‘ona pastladi va yettinchi o‘rinni egalladi.

Bir pog‘onaga ko‘tarilgan Daniya sakkizinchi o‘rinda qayd etildi.

To‘qqizinchi o‘rinni bir pozitsiya pastlagan Amerika Qo‘shma Shtatlari band etdi.

Kuchli o‘nlik ro‘yxatiga o‘tgan yilgi reytingda 11-o‘rinni egallagan Isroil davlati yakun yasadi.

Bloomberg'ning bu yilgi indeksida eng katta yo‘qotish Rossiya hisobiga to‘g‘ri keldi.  Mamlakat o‘tgan yilgiga nisbatan 14 pozitsiya pastlagan. Bunga Rossiyaga nisbatan qo‘llangan sanksiyalar va boshqa bir qator omillar sabab bo‘lgan.

 

Mavzuga oid